Suriyaga qochayotgan livanliklar, husiychilarga qarshi yangi kurash va AQShni tanqid qilgan Aliyev - kun dayjesti

Jahon 15:55 / 05.10.2024 7136

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Livandagi vaziyat

Isroilning beto‘xtov bombalashlari tufayli minglab livanliklar Suriya tomon qochmoqda. BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Kelli Klemensning xabar berishicha, jon saqlash maqsadida Suriya chegarasini kesib o‘tgan livanliklar soni 128 mingdan oshgan.

Klemens xonimning X ijtimoiy tarmog‘ida yozishicha, Livanga nisbatan tobora kuchayib borayotgan zulm shundoq ham havas qilarli vaziyatda yashamayotgan mamlakat aholisining ahvolini yomonlashtirmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, aholining ehtiyojlari kundan kunga ko‘paymoqda.

23 sentabrdan buyon Isroil o‘zi «Hizbulloh» obektlari deb sanayotgan Livandagi nishonlarga qarata yopirilma zarbalar berib kelmoqda. Livanning ikki haftadan buyon bombalanishi tufayli 1928 kishi halok bo‘lgan, 9290 kishi yaralangan.

Isroil esa hozircha Eronga javob zarbasi nishonlari bo‘yicha bir qarorga kelmagan. Bu haqda AQSh prezidenti Jo Bayden ma’lum qilgan.

Amerika yetakchisining qayd etishicha, tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bo‘lmasligi uchun Isroil juda ehtiyotkorlik bilan harakat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, AQSh Eronning neft sohasi uchun sanksiyalarni kuchaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

AQSh prezidentining qayd etishicha, uning hukumati eng ko‘p yordamni Isroilga bergan va Netanyahu uni aslo unutmasligi kerak.

Bir necha kun avval Bayden AQSh Isroilning Erondagi yadroviy obektlarga zarbasini qo‘llab-quvvatlamasligini aytgan edi.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoga oziq-ovqat yetkazib berish o‘tgan oyda Isroil hukumati tomonidan joriy etilgan yangi bojxona qoidalari tufayli keskin qisqargan. Bu haqda Reuters agentligi insonparvarlik yordami yetkazish bilan shug‘ullanayotgan manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Isroil joriy etgan yangi qoidalarga ko‘ra, insonparvarlik tashkilotlari vakillari shaxsiy ma’lumotlar, jumladan pasport ma’lumotlarini taqdim etishi, yuk haqidagi yolg‘on ma’lumot xususida javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olishi kerak.

Xayriya tashkilotlari esa bunday hujjatlarga imzo qo‘yish agar yordam HAMAS qo‘liga tushib qolsa yoki Isroil yuklardan qay biri qoidalarga zid deb hisoblasa ularning xodimlarini yuridik tahdid ostida qoldirishidan tashvishda.

Shu muammolar tufayli G‘azoga insonparvarlik yordami yetkazishning asosiy yo‘nalishi bo‘lmish Iordaniya orqali yuklar sentabr oyini o‘rtalaridan buyon kelmay qo‘ygan.

G‘azo tomon yo‘lga chiqqan va oziq-ovqat ortilgan yuk mashinalari soni kuniga 130 tagacha qisqargan. Bu esa G‘azo aholisining asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan daraja — 600 mashinadan ancha kam.

Jonlanib qolgan husiychilar

Husiychilar Qizil dengizda Britaniyaning neft tankeriga qarata o‘t ochishdi. Yamanlik isyonchi shialarning «Ansorulloh» harakatiga mansub husiychilar Qizil dengizda Britaniya harbiy dengiz kuchlariga tegishli «Cordelia Moon» neft tankeriga qilingan hujum tasvirlarini tarqatishgan.

Bu hududda kuzatuv olib borayotgan dengiz ekspertlari va agentliklari 1 oktyabr kuni Qizil dengizda husiychilarning otishmasi tufayli ikkita kemaga zarar yetganini tasdiqlashgan. Har ikki kemada ekipaj sog‘-omon ekani ma’lum qilingan.

Bu orada Vashington husiychilarga qarshi kurashga qaytishini e’lon qildi.

Yangi budjet hujjatlariga ko‘ra, Pentagon Qizil dengizdagi operatsiyalarda jalb qilingan kemalarga xizmat ko‘rsatish hamda Eron va uning ittifoqchilarining hujumlarini qaytarish uchun raketalar sonini oshirishga 1,2 mlrd dollar sarflaydi.

Dengizda joylashgan raketalar zaxirasini to‘ldirish uchun 190 mln dollar, «havo-havo» tasnifidagi raketalar uchun 8,5 mln dollar ajratiladi.

Pentagonning Yaqin Sharqdagi 300 mln dollarlik eng katta xarajati USS Bataan desant kemasi va Qizil dengizda operatsiyalar o‘tkazuvchi USS Eisenhower aviatashuvchi zarbdor guruhning kemalaridagi omborlarga xizmat ko‘rsatish uchun yo‘naltiriladi.

AQSh tomonidan tashkillashtirilgan g‘arb koalitsiyasi yamanlik husiychilarga qarshi jiddiy kurashga kirishib ko‘rgan edi, biroq Qizil dengizda kemachilikni tiklash uchun aytarli hissa qo‘sha olgani yo‘q.

Aftidan, AQSh buni o‘zgartirishga jiddiy kirishganga o‘xshayapti va husiychilarga qarshi kurashni yana qaytadan boshlashdi hamda juma kuni Amerika va Britaniya qo‘shinlari Yamanning bir qator hududlariga aviazarbalar berishdi. Poytaxt Sanodagi obektlar va Hudayda aeroporti asosiy nishonlar bo‘lgani aytilmoqda.

Ukrainadagi vaziyat

Ukraina mudofaa vaziri Rustam Umerov Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanovdan bosh razvedka boshqarmasi xorijdan qurol xarid qilishda foydalangan kompaniyani tortib oldi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinining dastlabki kunlarida Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi xorijdan qurol-yarog‘lar sotib olish vakolatiga ega bo‘lgan «Spetstexnoeksport» kompaniyasini Mudofaa vazirligidan o‘z tasarrufiga o‘tkazgan edi.

Ayni paytda Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi o‘tgan uch yil ichida qilingan xaridlarning hujjatlarini Mudofaa vazirligini berishdan bo‘yin tovlab kelmoqda. Ukraina nashrlarining yozishicha, kompaniya ko‘plab marta alaloqibatda Bosh razvedka boshqarmasi balansga kelib tushmagan qurollarni xarid qilgan. Shuningdek, narxi keskin qimmatlashtirilgan snaryadlari xaridi bo‘yicha shartnomalar ham bor.

Ukraina rahbariyati esa ham Umerov, ham Budanovni ishdan bo‘shatmoqchi. Prezident Volodimir Zelenskiy va uning komandasi bir yil avval mudofaa vaziri etib tayinlangan Umerovning ishidan norozi. Idorada boshboshdoqlik hukm surmoqda, ishlarni barqaror yo‘lga qo‘yishga urinish barbod bo‘lgan. Asosiy shikoyatlar Ukraina qurollari kuchlari uchun qurol-yarog‘lar xarid qilishdagi kechikishlar bilan bog‘liq.

Umerov o‘rnini bosh vazir o‘rinbosari Mixaylo Fyodorov yoki mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ivan Gavrilyuk egallashi mumkin.

Kirill Budanovning iste’fosi esa bir oylardan buyon muhokama mavzusiga aylangan. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Budanov prezident ofisi rahbari Andriy Yermak va Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy bilan kelishmay qolgan. Prezident ofisi Bosh razvedka boshqarmasining ayrim operatsiyalaridan norozi. Shuningdek, Budanov dron ishlab chiqarish kabi razvedka uchun xos bo‘lmagan ishlar bilan shug‘ullanishni istayotgani ham boshqalarga yoqmayapti.

Aliyev AQShni tanqid qildi

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev 4 oktyabr kuni Jabroil tumani aholisi bilan uchrashuvi chog‘ida AQShning Ozarboyjonga qarshi sanksiyalarini qattiq tanqid ostiga olgan.

Aliyevning eslatishicha, Amerika 1992 yilda o‘z hududlaridan ajralgan Ozarboyjonga nisbatan sanksiyalar joriy etgan va ularni 2001 yilda bekor qilgan.

Aliyev sanksiyalarning bekor qilinishini AQShning Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalari boshlanishi bilan bog‘lagan.

«Chunki ularning Afg‘onistondagi okkupatsion faoliyati, istilo urushi boshlangan edi. Bunda biz ularga kerak edik. Toki ular Afg‘onistonda qolar ekan, bu sanksiyalar har yili AQSh prezidenti tomonidan bekor qilinib turilgan edi», — degan Ozarboyjon yetakchisi.

Ozarboyjon prezidentining qayd etishicha, Afg‘onistondan Amerika qo‘shinlari olib chiqib ketilishi hamono sanksiyalar yana joriy etilgan.

«Ular butun dunyo ko‘z o‘ngida Afg‘onistondan qochib chiqishganidan so‘ng bizga qarshi yana sanksiyalar joriy etildi. Shu qadar ham noshukr bo‘lish mumkinmi?» — deya e’tiroz bildirgan Aliyev.

Qayd etib o‘tish lozimki, 2001 yilda sanksiyalarning bekor qilinishi Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalar hamda AQShning tashqi siyosati qayta ko‘rib chiqilishi bilan bog‘liq edi. Bunda Ozarboyjonning strategik joylashuvi inobatga olingan.

Tinchlikka qarshi veto

Dunyoning turli nuqtalarida qurolli mojarolar davom etar ekan, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari mojarolarni hal qilishni mudom bloklab kelmoqda.

So‘nggi o‘n yil ichida butun dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan mojarolarda 1,1 mln kishi halok bo‘lgan. Biroq BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari bo‘lgan 5 davlat bu mojarolarni hal qilishga qaratilgan 30 ta asosiy rezolyutsiyaga veto qo‘ygan.

BMT tuzilgan 1945 yildan buyon veto huquqidan eng ko‘p SSSR/Rossiya foydalangan — 158 marta. Ikkinchi o‘rinda AQSh — 92 marta. Buyuk Britaniya 32 marta, Xitoy 21 marta, Fransiya 18 marta rezolyutsiyalarni bloklagan.

Shunday mojarolardan biri yuz berayotgan hudud Falastin bo‘lib, bu yerda tinch va osuda kelajakka erishish bo‘yicha sa’y-harakatlarga BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zosi va Isroilning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSh doimo to‘sqinlik qilib keladi.

Falastin bo‘yicha Xavfsizlik kengashiga 41 ta rezolyutsiya kiritilgan bo‘lsa, AQSh ularning naq 37 tasiga veto qo‘ygan.

Biroq AQSh va «beshlik»ning boshqa a’zolarining qurol-yarog‘ eksporti bo‘yicha ko‘rsatkichlari ularning ehtimolli insonparvarlik faoliyati bo‘yicha iddaolariga ters kelmoqda va ularning umumiy niyatlarini shubha ostiga olib keladi.

Jumladan, 2021 yilda AQSh 49,5 mlrd, Rossiya esa 24,1 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ sotishgan. Shu davrda Insonparvarlik yordamlari Amerikada 8,3 mlrd dollarni, Rossiyada esa atigi 12 mln dollarni tashkil etgan.

Bundan xulosa qilish mumkinki, BMT Xavfsizlik kengashi nomunosib organ va jabr ko‘rayotgan insonlarning azoblarini yengillashtirish uchun xizmat qilmaydi.

Sizga bugun yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimiz shulardan iborat edi. Dushanbada ko‘rishguncha.

Ko‘proq yangiliklar: