Shvetsiya o‘z harbiylarini Latviyaga yuboradi

Jahon 22:07 / 05.10.2024 3321

Bir necha oydan keyin 600 nafarga yaqin shvetsiyalik harbiy Latviyaga yo‘l oladi. Ular Kanada rahbarligi ostidagi brigada tarkibida faoliyat yuritayotgan NATO quruqlikdagi qo‘shinlariga borib qo‘shiladi.

Qayd etilishicha, Shvetsiya armiyasining NATO doirasidagi birinchi operatsiyasi doirasida keyingi yilning yanvarida zirhli texnika va yuzlab askarlar Latviyaga yuboriladi. Shvedlar bataloniga rahbarlik qilayotgan podpolkovnik Henrik Rosdaalning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad — Rossiyani to‘xtatib turishga o‘z hissasini qo‘shishdir.

«Agar biz Rossiya harakatni boshlaydigan vaqtga qadar yetib borsak, turli xatarlarga duch kelamiz», — deydi u. Rosdaalning qo‘shimcha qilishicha, Latviyaga yuboriladigan harbiylarni saralash ishlari hozirda deyarli yakunlangan.

Latviya mudofaa vaziri Andris Sprudsning ma’lum qilishicha, shved bataloni Boltiq mintaqasida Rossiyani tutib turish bo‘yicha NATOning qo‘shma sa’y-harakatlarida qo‘shimcha muhim kuch hisoblanadi.

«Rossiya — bu ekzistensial tahdid va biz turli ssenariylarga tayyor turishimiz kerak, shved missiyasi esa biz alyans sifatida har qanday xatarga qarshi javob qaytarishga tayyor ekanimizni ko‘rsatib qo‘yadi», — deydi u.

Avvalroq Finlandiya Rossiya chegarasidan 200 kilometrdan kamroq masofada joylashgan Mikkeli shahrida NATO qo‘mondonlik bazasi yaratilishini e’lon qilgandi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida Finlandiya 2023 yilda NATOga qo‘shildi va shu bilan 75 yillik betaraflik davrini tugatdi. Natijada alyansning Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki barobarga ortib, 2600 kilometrga yetdi.

Ko‘proq yangiliklar: