4 oktyabr, juma kuni Rossiyaning bir qator hududlarida fuqarolik mudofaasi mashqlari hamda yadroviy va kimyoviy ifloslanish oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Baza Telegram-kanali. Mashqlar, xususan, Anapa, Ulyanovsk, Kogalim, Buzuluk, Snejinsk va boshqa shaharlarda o‘tkazildi.
Kimyoviy ifloslanish oqibatlarini bartaraf etishga katta e’tibor qaratildi. Mashg‘ulotlarga kirish sifatida «dushman tomonidan infratuzilma obektlariga havodan yadroviy zarba berish» holati ishlatilgan.
Ikki kun oldin Rossiyada ommaviy ogohlantirish tizimlarining keng ko‘lamli tekshiruvi o‘tkazildi. Mashqlar Ximki, Omsk, Perm, Samara va boshqa bir qator shaharlarda bo‘lib o‘tdi.
Peskov: Yadro qurolidan foydalanish shartlarini harbiylar belgilaydi
Rossiya Federatsiyasining yangilangan yadroviy doktrinasiga muvofiq Rossiya tomonidan yadro qurolidan foydalanish shartlari Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanishi kerak. Bu haqda 29 sentabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Rossiya 1» telekanali muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar «qaysi qurollar qo‘llanayotgani va ular qanday qo‘llanayotganini (Ukrainadagi urushda) yaqindan kuzatib boradi» va «e’tiborni susaytirmaydi». Peskov jurnalistning Putin tomonidan aytilgan yadro qurolidan foydalanish uchun ba’zi shartlar allaqachon mavjud ekanligi haqidagi so‘zlariga shunday izoh berdi.
Peskov shuningdek, «aslida, yadroviy kuchlar Ukraina atrofidagi mojaroda Ukraina tomonida ishtirok eta boshlaganini» ta’kidladi va Kremlning «NATO infratuzilmasi Rossiya chegaralariga yaqinlashayotgani» haqidagi pozitsiyasini takrorladi — go‘yo bularning barchasi «yadroviy doktrinaga va yadroviy to‘siq bo‘lish sohasidagi davlat siyosati asoslariga tuzatishlar kiritishni talab etgan». Putin matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, bunday tuzatishlar allaqachon tayyorlangan va shakllana boshlagan.