NATOga a’zo davlatlar Rossiya tomonidan bo‘ladigan tahdidlarga qarshi turish uchun sezilarli darajada ko‘proq qo‘shin va qurollanishni taqdim etishi kerak, deb yozadi Die Welt nashri.
Nashrga kelib tushgan NATO hujjatlarida har biri 5 ming kishini qamrab oladigan 49 ta yangi yirik bo‘linma tuzish, ya’ni Shimoliy Atlantika alyansi qo‘shinlarini qariyb 250 ming kishiga oshirish haqida so‘z boradi. Bundan tashqari, ushbu qo‘shinlar faoliyatini ta’minlash uchun jangovar korpuslar soni oltitadan 15 tagacha, diviziya shtablari esa 24 tadan 38 tachaga oshishi kerak.
Hujjatda aytilishicha, ushbu rejadan voz kechilmaydi, chunki bu «jarayonning qabul qilinishiga ta’sir ko‘rsatadi» va «butun alyansga, birinchi navbatda, uning strategik qo‘mondonligiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazadi». Die Welt’ning ta’kidlashicha, rejalar avvalo shaffoflik va o‘zaro axborotni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, taqsimlanish «vertikal» asosda amalga oshiriladi.
Hujjatda, shuningdek, alyansni jangovar o‘q-dorilar va yuqori aniqlikdagi qurollar, logistika va transport kabi texnik jihatdan kuchaytirish zarurati haqida ham so‘z boradi. Unga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining sonining o‘zi besh baravarga oshadi — 293 tadan 1467 taga va ular Patriot, Iris T-SLM, Skyranger hamda boshqa tizimlar bilan ta’minlanadi. Jangovar vertolyotlar soni 90 tadan 104 tagacha oshiriladi.
NATO yangi bosh kotibi G‘arbning Ukrainaga yordamini kuchaytirishga va’da berdi
NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte 3 oktyabr kuni Kiyevga e’lon qilinmagan tashrifi chog‘ida Kiyevga G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirishga va’da berdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma brifing chog‘ida Ryutte yangi lavozimdagi ilk xorijiy tashrifini Kiyevga Shimoliy Atlantika alyansi Ukraina tomonida ekanini hammaga tushuntirish uchun amalga oshirganini ta’kidladi.
Mark Ryutte fikricha, Ukrainaning erkinlik uchun kurashi NATOning asosiy tamoyillari va qadriyatlariga mos keladi. «Ukraina hozir NATOga har qachongidan ham yaqinroq va bizning ittifoqimizga a’zo bo‘lgunga qadar bu yo‘ldan borishda davom etadi», deb ishontirdi yangi bosh kotib.