Kanadaning Ontario provinsiyasida yotoqxonasidan ko‘rshapalak chiqqan bola quturish oqibatida vafot etdi, deb xabar beradi BBC.
Xaldimand-Norfolk tibbiyot bo‘linmasi shifokori Malkolm Lokning so‘zlariga ko‘ra, bola Sadberi shimolidagi hududida virusga chalingan.
«Ular uyg‘onib, yotoqxonada ko‘rshapalakka duch kelgan, — deydi Lok. Uning qo‘shimcha qilishicha, ota-ona farzandida biror jarohat yoki tirnalish izlarini ko‘rmagan va shu sababli bolani quturishga qarshi emlatgani olib bormagan. Bu Ontarioda 1967 yildan beri quturishdan insonning vafot etishi bilan bog‘liq birinchi holat.
Rasmiylar yoshini e’lon qilmayotgan bola sentabr boshida mazkur voqea sabab shifoxonaga olib borilgan. Quturish — bu o‘limga olib keladigan virusli kasallik bo‘lib, u hayvonlardan, masalan, ko‘rshapalaklar, tulki yoki yenotlardan so‘lak orqali insonga yuqishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur kasallik bosh va orqa miyaga jiddiy jarohat yetkazadi, quturishning belgilari paydo bo‘lgach, kasallikka chalingan insonlar aksariyat hollarda vafot etadi.
Lokning ma’lum qilishicha, Janubiy Ontarioda quturish kasalligiga chalingan ko‘rshapalaklar soni oxirgi yillarda 10 foizdan 16 foizgacha oshgan. «Ko‘rshapalaklarga duch kelgan har qanday inson tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishlari favqulodda muhim», — deydi u. Shifokorning aytishicha, davolash va vaksinatsiyani imkon qadar tez boshlash kerak, chunki ko‘rshapalak tishlashidan qolgan izlar darhol ko‘rinmasligi mumkin.
Kanada Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda insonlar o‘rtasida quturish holatlari juda kam uchraydi. Ushbu kasallikni ro‘yxatga olish boshlangan 1924 yildan beri oltita provinsiyada 28 ta holat qayd etilgan bo‘lib, ularning barchasi o‘lim bilan yakunlangan.