Gvatemalada o‘zbek migrantlari kontrabandasi bilan shug‘ullangan politsiyachilar hibsga olindi

Jahon 23:16 / 05.10.2024 16663

Gvatemala xavfsizlik xizmati xodimlari odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhga aloqador 25 nafar politsiya xodimini qo‘lga oldi. Reuters xabariga ko‘ra, guruh asosan AQSh sari yo‘l olgan migrantlar tomonidan foydalaniladigan marshrutlarda faoliyat yuritgan.

Gvatemala Ichki ishlar vaziri Fransisko Ximenes so‘zlariga ko‘ra, hibsga olingan politsiyachilardan ikki nafari iste’foga chiqqan va yana 11 nafari «Los Rs» deb nomlanuvchi tashkilot nomidan pul yuvishda ham ayblanmoqda.

Qayd qilinishicha, Gvatemala o‘nlab yillar davomida Lotin Amerikasi va boshqa mamlakatlardan kelgan va Meksika bilan AQSh chegarasiga yo‘l olgan noqonuniy migrantlar uchun asosiy tranzit mamlakat hisoblanadi.

Mamlakat rasmiylarining aytishicha, guruh bir necha yil faoliyat yuritib, mahalliy valutada millionlab daromad olgan.

Foto: Reuters

«Ushbu guruh politsiya xodimlaridan foydalangan, ularga pora bergan. Ular mamlakat bo‘ylab tashilayotgan noqonuniy migrantlarning xavfsizligini kafolatlagan», dedi Ximenes.

Ichki ishlar vazirligining ta’kidlashicha, avvalroq, O‘zbekistondan kelgan 10 nafar migrantni Gvatemaladan noqonuniy olib o‘tgan ikki shaxs qo‘lga olingan edi. Bu holatning tergovi yakunda guruhni yo‘q qilishga olib kelgan. Jinoiy guruhdan to‘rtta avtomobil, o‘qotar qurol va naqd pullar musodara qilingan.

Ximenesning qo‘shimcha qilishicha, Gvatemaladagi AQSh elchixonasi va AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi tergovda hamkorlik qilmoqda.

AQSh elchixonasining aytishicha, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi tarmoq 10 mingga yaqin migrantni ekspluatatsiya qilgan.

Avgust oyida Gvatemala va AQSh rasmiylari hamkorlikda yana bir kontrabanda guruhi yo‘q qilinganini e’lon etgan edi. Ushbu guruh 2022 yilda Texasdagi yuk mashinasida bo‘g‘ilib qolgan 53 migrantning o‘limiga aloqador bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: