Eng xavfli plyajlardan biri: Islandiyadagi qora qumli sohilda sayyohlarni nima kutadi?

Jahon 13:07 / 05.10.2024 4031

Islandiya hayratlanarli muzliklar va vulqonlar makoni, biroq butun dunyodagi kabi u yerda ham o‘ziga xos xavf-xatarlar mavjud. Gap faqat vulqonlar faolligi haqida emas. Masalan, qora qumli sohil sifatida tanilgan Reynisfyara plyaji ko‘plab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan, deb xabar berdi IFLScience.

Sirli qora sohil Islandiyaning janubiy qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, sayyohlarni o‘ziga tortadigan diqqatga sazovor joy hisoblanadi. U hatto mashhur “Taxtlar o‘yini” serialida ham namoyish etilgan.

Mamlakatdagi aksariyat plyajlar singari Reynisfyara ham qor qum bilan qoplangan, bu rang vulqonlar otilishi natijasida hosil bo‘lgan. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, plyajdagi qum aslida mayda bazalt bo‘laklaridan iborat, ular vulqon kulidan tashkil topgan tepaliklargacha cho‘zilib ketgan.

Foto: The World Pursuit

Reynisfyara plyaji bu qadar tanilganiga yana bir sabab shundaki, bu yerda “uyqudagi to‘lqinlar” deb ham ataladigan krosser to‘lqinlari kuzatiladi. Gap shundaki, bu to‘lqinlar chindan ham “kutilmaganda yopirilishi” mumkin — ular maydaroq to‘lqinlar orasiga yashirinib keladi va to‘satdan zarba beradi. Ular tez ko‘tarilib, plyaj bo‘ylab kutilganidan ancha uzoqqa boradi.

Agar bu paytda biror kishi qirg‘oqqa juda yaqin bo‘lsa, chinakam muammo yuzaga keladi. To‘lqin kuchidan yiqilgan odam o‘rnidan turib, yana muvozanatga kelish qiyin. Olimlarning ta’kidlashicha, to‘lqin hosil qilgan so‘rilish odamni tortadi va uning oyoqlari ostidagi qum-shag‘allarni yuvib ketadi. Odam suvga tushishi bilan oqim uni qirg‘oqdan uzoqlashtirib ketadi. Bu holatda, afsuski, uni qutqarish uchun hech narsa qilib bo‘lmaydi. Aynan shu sababli, mazkur plyaj dunyodagi eng xavfli plyajlardan biri degan nomni olgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2014 yildan 2022 yilgacha plyajda 12 ta jiddiy hodisa yuz bergan va ularning beshtasida odamlar halok bo‘lgan. Insonlar o‘limining oldini olish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari tashrif buyuruvchilar uchun bir nechta ogohlantiruvchi belgilarni o‘rnatdi, shuningdek, plyajdagi hududlarni ajratish tizimi joriy qilindi.

Muayyan hududga kirish mumkin yoki yo‘qligi svetoforga o‘xshash chiroqlar seriyasi bilan aniqlanadi. Bu chiroqlar xavf darajasini ko‘rsatadi:

  • yashil — kirish mumkin;
  • sariq — kirish mumkin emas;
  • qizil — belgi doirasidan ichkariga kirish yoki tashqariga chiqish taqiqlanadi.

Ammo ba’zida odamlar bunday ogohlantirishlarga e’tibor bermaydi. Masalan, 2023 yilda bir guruh sayyohlar tomonidan suratga olingan video tarmoqda keng tarqaldi. Tasvirlarda ko‘rinishicha, ular qirg‘oqqa haddan tashqari yaqin turgani sababli, oqim ularni oqizib ketishiga bir baxya qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: