Emirates aviakompaniyasi samolyot bortiga o‘zlari bilan peyjyer yoki ratsiyalar olib chiqishni yoki ularni bagajga topshirishni taqiqladi. Bu haqda aviakompaniya bayonotida so‘z boradi.
«Dubayga yoki Dubay orqali uchadigan reyslarning barcha yo‘lovchilariga peyjyerlar va ratsiyalarni qo‘l yuki yoki bagaj orqali tashish taqiqlanadi. Qo‘l yuki yoki bagajdan topilgan bunday buyumlar Dubay politsiyasi tomonidan musodara qilinadi», — deyiladi xabarda.
17 sentabr kuni Livanda «Hizbulloh» tomonidan tezkor aloqa uchun foydalaniladigan peyjyerlarda qator portlashlar sodir bo‘ldi. Ertasi kuni ratsiyalar ham portlatildi. Portlashlar oqibatida kamida 37 kishi halok bo‘lgan va uch mingga yaqin kishi jarohatlangan.
Reuters agentligi Livan xavfsizlik xizmatidagi manbalarga tayanib, Isroil razvedka xizmati «Mossad» bir necha oy oldin «Hizbulloh» tomonidan sotib olingan besh ming peyjyerga portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar qildi.
Rasmiy Bayrut va «Hizbulloh» harakati vakillari voqeada Isroilni aybladi. U qilgan ishlari uchun «loyiq jazo» olishiga va’da berildi. Reuters manbasining ta’kidlashicha, peyjyerlar Isroil razvedka xizmati «Mossad» tomonidan «ishlab chiqarish bosqichida» o‘zgartirilgan. Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, qurilmalarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan azot kislotasi efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda - pentaeritrittetranitrat bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlashlar «Mossad» akkumulyatorlar haroratini masofadan oshirganda sodir bo‘lgan.