Rossiya Tergov qo‘mitasi materiallariga ko‘ra, Aleksey Navalniy jazoni o‘tagan va vafot etgan 3-sonli axloq tuzatish koloniyasidan o‘limidan oldin u aloqada bo‘lgan barcha buyumlar, jumladan, siyosatchi yotgan qor ham olib chiqib ketildi. Bu haqda 3 oktyabr, payshanba kuni «Dose» markazi jurnalistlar ixtiyorida bo‘lgan tergov hujjatlariga tayanib yozdi.
Xususan, Navalniyning kiyimi matolari namunasi, kiyimi va ichki kiyimlari (ichki kiyimi olib qo‘yilgan va alohida paketga solingan), shaxsiy buyumlari, jumladan, hojatxona qog‘ozi, oziq-ovqat namunalari, yuvinish anjomlari, kameradagi poldan namunalar, siyosatchi hayotining so‘nggi daqiqalarini yozib olgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘rtta videoregistrator va hokazo musodara qilindi.
Tergovchilar shifokorlarga yordam bergan va Navalniy bilan «aloqada» bo‘lgan mahkumlardan birining tibbiy qo‘lqoplarini ham olib ketishgan.
The Insider: Navalniy koloniyada zaharlangan bo‘lishi mumkin
Tergov rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Qutb doirasidan tashqaridagi «Qutb bo‘risi» (IK-3) koloniyasida zaharlangani haqidagi dalillarni yashirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 29 sentabr kuni chop etilgan The Insider materialida aytiladi.
Nashr adliya mayori Aleksandr Varapayev tomonidan imzolangan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorning ikki variantidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Birinchisida aytilishicha, 2024 yil 16 fevralda Aleksey Navalniy yurish paytida to‘satdan o‘zini yomon his qilgan, bu haqda xabar bergan va koloniya hovlisidan olib chiqilgan. Keyin siyosatchi yerga yotgan va «qornidagi o‘tkir og‘riqdan shikoyat qilgan, oshqozonda refleksli jarayon boshlangan va u hushini yo‘qotgan».
Qorin og‘rig‘i, qusish haqidagi so‘zlar xuddi shu qarorning so‘nggi versiyasida yo‘q, deya qayd etadi The Insider. «Musodara qilingan ashyolar» ro‘yxatiga ekspertiza uchun taqdim etilgan «qusuq namunalari» ham kiritilgan, ammo na ekspertiza, na qusish haqida rasman xabar berilmagan.
Siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya avvalroq «u o‘limi oldidan so‘nggi daqiqalarda qornidagi o‘tkir og‘riqlardan shikoyat qilgani»ni aytgan edi. 2020 yilda «Novichok»dan zaharlangan Navalniyni Omsk kasalxonasida davolagan shifokor Aleksandr Polupanning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarda tasvirlangan alomatlar siyosatchi yana zaharlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishi mumkin. Bu versiyani rasmiylar uzoq vaqt davomida jasadni topshirmagani va biomateriallarni muqobil ekspertizadan o‘tkazishga ruxsat bermagani ham tasdiqlaydi, deya ta’kidlaydi nashr.