Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida joylashgan "Asakabank" AJ, "O‘zsanoatqurilishbank" ATB va AT "Aloqabank"ka tegishli yangi ko‘p qavatli biznes markazlarini xususiylashtirish jarayoni haqida axborot berdi.
Agentlikka ko‘ra, banklar binolariga Yevropa Ittifoqi, BAA va Turkiya davlatlaridan bo‘lgan talabgorlar qiziqish bildiryapti.
Agentlik xalqaro savdo jarayonining aktivni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) bosqichi boshlanganini ma’lum qildi.
Ushbu biznes markazlarini xususiylashtirish jarayonini ilg‘or xalqaro tajriba asosida amalga oshirish uchun “KPMG” xalqaro kompaniyasi xususiylashtirish bo‘yicha konsultant hamda “Deloitte” xalqaro kompaniyasi mustaqil baholovchi sifatida jalb etilgan.
“Mazkur bosqich doirasida konsultant tomonidan keng qamrovli marketing ishlari amalga oshirildi, jumladan, “KPMG” kompaniyasining xalqaro investorlar tarmog‘i orqali Biznes markazlar to‘g‘risidagi investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi”, – deyiladi xabarda.
Konsultant tomonidan kelib tushgan barcha arizalar avval ma’lum qilingan mezonlar asosida o‘rganib chiqilgan. Bu mezonlar qatorida biznes markazlarini sotib olish uchun moliyaviy resurslar yetarliligi, talabgor va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi yoki ustav kapitalida davlat ulushi bo‘lgan kompaniya bo‘lmasligi hamda talabgorning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lishi kabilar bor.
Agentlikning bildirishicha, konsultant tomonidan raqobat muhitini ta’minlash maqsadida savdo jarayonlariga yanada ko‘proq salohiyatli investorlarni jalb qilish ishlari parallel ravishda amalga oshiriladi va aktivni sotib olish yuzasidan qiziqish bildirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish davom ettiriladi.
Tashkent city’dagi davlat banklari binolarining sotuvga qo‘yilishi haqida
2024 yilning may oyida davlatning uchta banki – Asakabank, O‘zsanoatqurilishbank va Aloqabankning Tashkent city’dagi yangi ko‘p qavatli binolari (biznes markazlar) ommaviy savdolar orqali sotilishi e’lon qilindi.
Sotilayotgan aktivlar quyidagilar:
• O‘zsanoatqurilishbank binosi: jami 33 qavat, umumiy maydoni 82,284 kv.m.;
• Aloqabank binosi: jami 26 qavat, umumiy maydoni 81,439 kv.m;
• Asakabank binosi: jami 26 qavat, umumiy maydoni 66,202 kv.m.
2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida O‘zsanoatqurilishbank binosining loyiha qiymati 137 mln dollar deya ko‘rsatilgan. Biroq 2023 yilning 30 noyabrida bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qurilish qiymatini oshirish va muddatini uzaytirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan va tasdiqlangan. Bino qiymati qanchaga oshirilgani bo‘yicha ma’lum qilinmagan.
Xuddi shu dasturda Aloqabank binosining loyiha qiymati 100 mln dollar, Asakabank binosi loyiha qiymati esa 102 mln dollarga baholangan.
Banklar binolari sotilishi e’lon qilingach, bank-moliya sohasi eksperti Otabek Bakirov bino qurib sotish nosog‘lom bank faoliyati hisoblanishi haqidagi fikrlarini bildirgandi. Mutaxassis bu boradagi vaziyatga Markaziy bankning regulyativ aralashuvi zarurligini, har uchala bino Xitoy banklarining va banklar konsorsiumining juda qimmat kreditlari hisobiga bunyod etilganini ta’kidlagandi.
“Har bir bino uchun olingan kreditlar 100 mln dollardan 140 mln dollargacha, to‘langan foizlar, komissiyalar, loyihalarning tayyorlash qiymati bilan binolarning tannarxi 26 qavatlisiniki 150 mln dollardan, 33 qavatlisi 200 mln dollargacha oshgan bo‘lishi tabiiy”, - deb yozgandi Bakirov.