NATO yangi bosh kotibi Ukrainaga tashrif buyurdi

Jahon 09:31 / 04.10.2024 4221

NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte 3 oktyabr, payshanba kuni Ukrainaga tashrif bilan keldi. «Mark Ryutte Kiyevga NATOning yangi rahbari sifatida Ukrainani qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatish uchun o‘zining birinchi xorijiy tashrifi bilan keldi», — deb yozadi Bloomberg. Ryutte Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashdi.

Siyosatchi ittifoqchilarni Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga ishontirishini bildirdi.

1 oktyabr kuni Niderlandiya sobiq bosh vaziri Mark Ryutte rasman o‘z lavozimiga kirishdi va Shimoliy Atlantika alyansining 14-bosh kotibi bo‘ldi. U bu lavozimda Yyens Stoltenbergni almashtirdi.

Ryutte lavozimga kirishgach, Ukrainani alyans rahbari sifatidagi ustuvor yo‘nalish deb atadi. Jurnalistlarning Ukrainaning NATOga kirishi va Rossiya bilan ehtimoliy tinchlik haqidagi savollariga Ryutte ehtiyotkorlik bilan javob berib, ikkalasini ham oldindan aytish qiyinligini ta’kidladi.

NATO yangi bosh kotibi G‘arbning Ukrainaga yordamini kuchaytirishga va’da berdi

NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte 3 oktyabr kuni Kiyevga e’lon qilinmagan tashrifi chog‘ida Kiyevga G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini kuchaytirishga va’da berdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma brifing chog‘ida Ryutte yangi lavozimdagi ilk xorijiy tashrifini Kiyevga Shimoliy Atlantika alyansi Ukraina tomonida ekanini hammaga tushuntirish uchun amalga oshirganini ta’kidladi.

Mark Ryutte fikricha, Ukrainaning erkinlik uchun kurashi NATOning asosiy tamoyillari va qadriyatlariga mos keladi. «Ukraina hozir NATOga har qachongidan ham yaqinroq va bizning ittifoqimizga a’zo bo‘lgunga qadar bu yo‘ldan borishda davom etadi», deb ishontirdi yangi bosh kotib.

Ukrainaning o‘zini himoya qilish huquqi, Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, «chegara bilan tugamaydi» va shuning uchun mamlakat Rossiya hududiga uzoq masofali G‘arb raketalarini otish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. «Rossiya noqonuniy urush olib bormoqda, demak, rus qiruvchilari va raketalarini Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga qarshi qo‘llanishidan oldin nishonga olish hayotni saqlab qolishga yordam beradi», deb tushuntirdi NATO bosh kotibi.

Ko‘proq yangiliklar: