Moldova RFni Yevroittifoq bo‘yicha referendum ishtirokchilariga pora berganlikda aybladi

Jahon 08:20 / 04.10.2024 1578

Rossiya rossiyaparast oligarx Ilan Shorning «mafiya» tarmog‘i orqali Moldovaning 130 ming fuqarosi hisobiga bo‘lajak referendumda ular mamlakatning Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshi ovoz berishlari uchun 15 million dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazdi. Bu haqda 3 oktyabr, payshanba kuni Politico nashri Moldova politsiyasi bosh inspeksiyasi rahbari Viorel Cernautianaga tayanib xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Moldova gibrid urush va dezinformatsiya bilan birgalikda saylovchilarning misli ko‘rilmagan sotib olinishiga duch kelmoqda». Aniqlik kiritilishicha, birgina sentabr oyida mamlakat fuqarolariga 15 million dollar o‘tkazilgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda taqiqlangan xuddi shu nomdagi rossiyaparast partiya asoschisi Ilan Shor (aprel oyida u Moskvada Moldova partiyalarining rossiyaparast «G‘alaba» blokini tuzgan va uning raisi bo‘lgan) saylovchilarga pora berish uchun mo‘ljallangan mablag‘larni banklar tarmog‘i orqali yuvishga yordam bergan.

Moldovada Shor bank firibgarligi uchun sirtdan 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.

«Moldova: aktualno» nashri Ilan Shor ishtirok etgan sxema tafsilotlarini e’lon qildi. O‘tkazmalar Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tomonidan nazorat qilinadigan «Yevraziya» avtonom notijorat tashkiloti va Promsvyazbank orqali amalga oshirildi. Pulni olgan hududiy koordinatorlar uni «beqarorlashtiruvchi harakatlar» uyushtirish uchun o‘z tarafdorlariga topshirgan.

Moldovada yettita kremlparast sayt bloklandi

Moldova Axborot va xavfsizlik xizmati mamlakatdagi yettita veb-saytni bloklashni buyurib, ular respublika milliy xavfsizligiga zarar yetkazishini bildirdi. Axborot va xavfsizlik xizmati talabi 25 sentabr kuni Moldova internet-provayderlariga yuborildi.

Rossiya davlat axborot agentligi «RIA Novosti» va Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta» saytlari bloklandi. Bundan tashqari, moldovalik foydalanuvchilarning Moskva tomonidan tuzilgan Qrim «davlat kengashi», «Qrim gazetasi» va «Krym24» telekanali veb-saytlariga kirish cheklanishi kerak.

To‘sib qo‘yilgan yettinchi resurs Nu. Nu Acum («Yo‘q. Hozir emas») harakati sayti bo‘lib, u Moldova fuqarolarini mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi ovoz berishga chaqirgan. Bu masala bo‘yicha referendum 20 oktyabr kuni Moldovada prezidentlik saylovlarida ovoz berish bilan bir vaqtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ko‘proq yangiliklar: