Livanga tungi raketa zarbalari, Erondagi ehtimoliy nishonlar va Vuhledarni tashlab chiqqan Ukraina - kun dayjesti

Jahon 12:38 / 04.10.2024 5492

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroilning Livanga tungi hujumi

Isroil harbiy havo kuchlari tunda Livan poytaxti Bayrut shahrida bunkerlarga qarshi snaryadlar bilan yopirilma zarbalar bergan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda qiruvchi va bombardimonchi samolyotlardan foydalanilgan va o‘nlab aviazarbalar berilgan.

Bu kabi keng ko‘lamli aviazarbalar ilk marta kuzatilmoqda, hattoki «Hizbulloh» rahbari Hasan Nasrullohni o‘ldirish bo‘yicha operatsiyalarda ham bu qadar faollik kuzatilmagan edi.

Bayrut bo‘ylab zarbalardan ko‘zlangan maqsad «Hizbulloh»ning yangi ehtimolli rahbari Hoshim Safiuddinni o‘ldirish, deb yozmoqda Amerikaning Axios portali isroillik mulozimlarga tayanib.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligining xabariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida Isroil zarbalaridan Livanda 37 kishi halok bo‘lgan va 151 kishi yaralangan.

Eron prezidentining bayonoti

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Eronning yopirilma raketa zarbalariga qarshi «Isroil qandaydir choralar ko‘rsa, bizning javobimiz juda shafqatsiz bo‘ladi», — degan.

Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tayotgan Osiyo hamkorlik muloqotida ishtirok etayotgan Mas’ud Pizishkiyon buni Qatar amiri shayx Tamim ibn Hamad Ol Soniy bilan birgalikda o‘tkazgan matbuot anjumani chog‘ida ta’kidlagan.

«Biz qon to‘kilishiga mutlaqo qarshimiz. Biz tinchlikni, osoyishtalikni istashimizni doimo takrorlab kelganmiz. Biz dunyoning biror bir davlatida qon to‘kilishini istamaymiz. Biroq Isroil bizni bunga majbur qilmoqda», — degan Pizishkiyon.

Pizishkiyon Isroilga uyushtirilgan birinchi hujumni ham eslab o‘tgan.

«Isroil mehmonimizni o‘ldirib, bizni zarba berishga majbur qildi. Ular men prezident sifatida qasamyod qilgan kunimda bu ishga qo‘l urishdi. Biror mamlakat, biror tomon buni indamasdan hazm qila olmaydi. Lekin biror mintaqa urush ko‘lankasi ostida rivojlanib, ravnaq topa olmaydi», — degan Eron prezidenti.

Isroil Eronning har ikkala yopirilma hujumiga ham tayinli javob qaytara olgani yo‘q. Isroil ommaviy axborot vositalarining yozishicha, Eronning zarbalariga javob qaytarishdan ularni AQSh to‘sib turibdi. Mintaqada urush yanada avj olib ketmasligi uchun AQSh Eronga javob qaytarmaslik masalasida Isroilga bosim o‘tkazgan.

Erondagi ehtimoliy nishonlar

AQSh va Isroil Erondagi ehtimoliy nishonlarini muhokama qilmoqda Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singh Eron hujumiga javob berish variantlarini izlash doirasida Isroil bilan aloqa o‘rnatilganligini tasdiqladi, biroq ehtimoliy nishonlarni ochiqlashdan bosh tortdi.

«Ammo men ehtimoliy nishonlar qanday bo‘lishi mumkinligi haqidagi tafsilotlarni muhokama qilishni o‘rinsiz va unchalik foydali emas deb hisoblayman», degan Pentagon vakili.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden o‘z ma’muriyati Isroilning Eron neft sanoatiga ehtimoliy hujumini «muhokama qilayotganini» aytdi. Siyosatchining izohi neftning jahon narxlarida sakrashga sabab bo‘ldi.

Bir kun avval Amerika yetakchisi Vashington Isroilning Erondagi yadroviy inshootlarga zarba berishiga qarshi ekanini ta’kidladi.

Oq uy Isroil bilan Eronning avvalroq Isroil hududiga bergan yirik raketa zarbasiga javob choralari haqida muzokaralar olib bormoqda. Jo Baydenga ko‘ra, u tez orada bosh vazir Binyamin Netanyahu bilan Isroilning kerakli javobini muhokama qilishini aytdi.

Baydenning ta’kidlashicha, Eron hujumi Qo‘shma Shtatlar va Isroilning harbiy salohiyati tufayli «to‘xtatilgan».

Rossiya Vuhledarni egalladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning Donetsk oblastidagi Vuhledar shahri egallanganini e’lon qildi. Shahar «Vostok» qo‘shinlari guruhi bo‘linmalari tomonidan nazoratga olingani ta’kidlanmoqda.

Donetsk oblastining janubi-g‘arbida joylashgan Vuhledar shahri uchun janglar 2022 yil mart oyi oxiridan beri davom etayotgan edi. Uning qo‘lga olingani haqida hafta boshida rossiyalik «harbiy muxbirlar» va Z-blogerlar xabar berishgan edi.

Rus qo‘shinlari 1 oktyabrda shaharni deyarli to‘liq o‘rab olishdi, Donetsk oblasti harbiy boshqarmasi boshlig‘i Vadim Filashkin rus armiyasi Vuhledar markaziga kirganini e’lon qildi. 2 oktyabr kuni Ukraina Qurolli kuchlarining «Xortitsya» tezkor-strategik guruhi qo‘mondonligi Ukraina qo‘shinlari shahardan olib chiqib ketilganini e’lon qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 3 oktyabr kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ilk bor Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalarining Vuhledardan olib chiqib ketilishiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Ukraina Qurolli kuchlarining «pozitsiyalarini yo‘q qilmoqda», ularning jangchilari «jon saqlab qolishi kerak, chunki ular har qanday o‘zgarishlardan ko‘ra muhimroqdir».

Vuhledar Donbassning janubiy qismidagi logistika mudofaa markazlariga yaqin muhim istehkom edi. Uning egallanishi Donbassdagi Ukraina mudofaasiga bevosita tahdid solmasa ham, uzoq istiqbolda Ukraina qurolli kuchlari uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

NATOning yangi yig‘ilishi

NATO a’zolari g‘arb qurollari bilan Rossiya ichkarisiga zarba berish bo‘yicha taqiqini olib tashlashni muhokama qiladi. 12 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Ramshtayn formatidagi yig‘ilishda ushbu masala ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansining yangi bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

«Prezident Bayden bu uchrashuvni yetakchilar darajasida o‘tkazmoqda. 12 oktyabr kuni Alyans a’zolari va Ukraina bilan Ramshtayn formatida uchrashishimiz juda muhim», deb qo‘shimcha qildi u.

Ryuttening qayd etishicha, Rossiya harbiy obektlariga hujumlar masalasida xalqaro huquq Ukraina tomonida. Biroq taqiq va cheklovlarni bekor qilish faqat NATO a’zolarining individual qarorlariga bog‘liq.

«Rossiya bu noqonuniy urushni olib bormoqda. Rossiya qiruvchi samolyotlari va raketalarini Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga qarshi ishlatishdan oldin urib tushirish buning oldini olishi mumkin», dedi u.

Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining yangi yig‘ilishi 12 oktyabr kuni Germaniyada bo‘lib o‘tadi. Bu Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri 25-uchrashuv bo‘ladi.

Volodimir Zelenskiy ushbu uchrashuvda Ukraina o‘z hamkorlari bilan birgalikda Rossiyaga bosimni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma choralarni muhokama qilishi kerakligini aytdi.

«Gazprom» katta zararda

Bir paytlar bozor kapitalizatsiyasi bo‘yicha jahonning eng boy kompaniyasi bo‘lgan «Gazprom» Rossiyada eng ko‘p zarar ko‘rgan kompaniyalar ro‘yxatini boshqaryapti.

2023 yil oxirida «Gazprom» birinchi marta Rossiyaning eng norentabel kompaniyalari reytingiga kiritildi. Undan bir yil oldin u mamlakatning eng daromadli firmalari orasida birinchi o‘rinni egallagan edi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, «Gazprom» holdingi birinchi marta Forbes jurnalining Rossiyadagi norentabel kompaniyalar reytingiga kiritildi. Shu bilan birga, mamlakatdagi eng norentabel kompaniyalar orasida u 583,1 milliard rubl miqdoridagi rekord darajadagi sof ziyon bilan birinchi o‘rinni egalladi, deb xabar berdi nashr.

«Gazprom» 25 yil ichida birinchi marta zarar ko‘rdi. Shu bilan birga, Rossiyaning Forbes nashri ta’kidlashicha, bu holatda moliyaviy yo‘qotishlar ko‘proq «buxgalteriya hisobi» xususiyatiga ega, chunki ular 1,15 trillion rubl miqdoridagi nomoliyaviy aktivlarning qadrsizlanishidan yo‘qotishlar va valuta kurslaridagi 652 milliard rubllik farqlardan yo‘qotishlarga taalluqli.

«Rosneft» davlat neft kompaniyasi esa Forbes tomonidan tuzilgan Rossiyaning eng serdaromad kompaniyalari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Ro‘yxatda jami 100 ta kompaniya bor.

2023 yil oxirida «Rosneft» 1,528 trillion rubl sof foyda oldi. Bir yil avval kompaniya 813 mlrd rubl bilan reytingda uchinchi o‘rinni egallagan edi.

O‘tgan yilgi yetakchi «Gazprom» 2023 yil oxirida rekord darajadagi 583 milliard rubl zarar bilan ro‘yxatdan chiqib ketdi.

Ko‘proq yangiliklar: