AQSh prezidenti kelasi hafta Germaniyaga davlat tashrifi chog‘ida Germaniyaning oliy davlat mukofotini oladi. Prezident Frank-Valter Shtaynmayyer uni «Germaniya Federativ Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» ordenining maxsus toifasi bilan taqdirlaydi, deb xabar qildi Germaniya prezidenti idorasi 3 oktyabr, payshanba kuni.
Xabarda ta’kidlanishicha, bu orqali Germaniya Jo Baydenning so‘nggi beshta o‘n yillikda, ayniqsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi fonida kuchaygan nemis-amerika do‘stligi va transatlantik ittifoqni mustahkamlashdagi xizmatlarini qayd etadi.
Bayden Germaniyada Ukraina bo‘yicha xalqaro uchrashuv o‘tkazilishini e’lon qildi
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro aloqa guruhining "Ramshtayn" formatida navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi. AQSh raisligidagi muzokaralar Germaniyada bo‘lib o‘tadi, u yerda Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi 50 dan ortiq davlatning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish rejalashtirilgan, deb ma’lum qildi 26 sentabr kuni Oq uy.
Vashington aloqa guruhining uchrashuvi qayerda bo‘lishini ma’lum qilmadi, biroq u Amerikaning Ramshtayndagi harbiy bazasida o‘tkazilishi kutilmoqda, deya qayd etadi dpa.
Bayden Germaniyaga oktyabr oyi o‘rtalarida tashrif buyuradi. U Germaniya kansleri Olaf Shols va Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashishi, so‘ng Ramshtayn harbiy bazasiga borishi kutilmoqda.
Baydenning Berlinga birinchi tashrifi
Bu Baydenning prezidentlik muddati boshlanganidan beri Berlinga birinchi tashrifi va ikki tomonlama munosabatlar doirasidagi Germaniyaga ilk safari bo‘ladi. Nemis OAV xabar berishicha, u 10-12 oktyabr kunlari uch kun davom etadi. AQSh prezidenti Barak Obama Berlinga oxirgi marta shunday tashrif bilan sakkiz yil avval kelgan edi. Shu bilan birga, 2022 yilda Bayden Bavariyaning Elmau shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida ishtirok etdi va 2023 yilda Ramshtayn harbiy bazasiga qo‘nib o‘tdi.
Der Spiegel nashrining yozishicha, tashrif doirasida Bayden, Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘rtasida to‘rt tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tadi.