Ukraina mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhining navbatdagi yig‘ilishida NATO a’zolari Rossiya hududiga zarba berish taqiqini bekor qilish masalasini muhokama qiladi.
Bu haqda Shimoliy Atlantika alyansining yangi bosh kotibi Mark Ryutte Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Prezident Bayden bu uchrashuvni yetakchilar darajasida o‘tkazmoqda. 12 oktyabr kuni Alyans a’zolari va Ukraina bilan Ramshtayn formatida uchrashishimiz juda muhim», deb qo‘shimcha qildi u.
Ryuttening qayd etishicha, Rossiya harbiy obektlariga hujumlar masalasida xalqaro huquq Ukraina tomonida. Biroq, taqiq va cheklovlarni bekor qilish faqat NATO a’zolarining individual qarorlariga bog‘liq.
«Rossiya bu noqonuniy urushni olib bormoqda. Rossiya qiruvchi samolyotlari va raketalarini Ukraina fuqarolik infratuzilmasiga qarshi ishlatishdan oldin urib tushirish buning oldini olishi mumkin», dedi u.
Sentyabr oyi oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden Ukraina mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhining yangi yig‘ilishini e’lon qildi. Uchrashuv 12 oktyabr kuni Germaniyada bo‘lib o‘tadi. Bu Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri 25-uchrashuv bo‘ladi.
Volodimir Zelenskiy ushbu uchrashuvda Ukraina o‘z hamkorlari bilan birgalikda Rossiyaga bosimni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shma choralarni muhokama qilishi kerakligini aytdi.