“Men bolalardan o‘rgangani kelganman” - Andijondan Qashqadaryoning chekka hududiga borib ishlayotgan o‘qituvchi

Jamiyat 19:31 / 03.10.2024 7955

O‘zbekistondagi turli oliygohlarni bitirgan 13 nafar yosh pedagog joriy o‘quv yilidan Qashqadaryo viloyatining chekka hududlariga borib, maktablarda dars bermoqda. O‘qituvchilar orasida Andijon, Buxorodan kelganlar ham bor. “Kelgan vaqtimizda avvaliga juda qiyin bo‘ldi”, — deydi ulardan biri Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

O‘zbekistonda 2024 martida “Teach for Uzbekistan” notijorat ta’lim loyihasi tushirildi. Uning asosiy vazifasi maktab ta’limini rivojlantirish, o‘quvchilarning akademik ko‘rsatkichlarini yaxshilashdan iborat. Loyiha doirasida katta pedagogik tajribaga ega bo‘lmasa-da, o‘qituvchilikka xohish va layoqati bor, oliy o‘quv yurtlarini yuqori natijalar bilan tamomlagan bitiruvchilar ijtimoiy sharoiti og‘ir maktablarga ishga jalb etiladi.

Ilk dasturda ishtirok etish uchun 750 nafar yoshlar ariza topshirgan. Nomzodlar mart-iyun oylarida 4 bosqichli saralash – anketa to‘ldirish, suhbat, Bilim va ko‘nikmalarni baholash markazidagi testlar, fan bo‘yicha bilimni aniqlash maqsadida metodist bilan suhbatdan o‘tkazilgan. Ularning orasidan 13 nafari tanlab olinib, 4 hafta davomida pedagogik qayta tayyorlov yozgi institutida yoshlar bilan ishlash, amaliy psixologiya, ilg‘or pedagogik texnologiyalar bo‘yicha o‘qitilgan.

Saralangan mutaxassislar Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanidagi 3-4-maktab, Chiroqchi tumanidagi 2-3-maktablarga innovatsion va interaktiv usulda dars berishni yo‘lga qo‘yish uchun yuborilgan. Hozirda ular mazkur muassasalarda STEAM fanlar, ya’ni tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik, san’at va matematika bo‘yicha o‘quvchilarga bilim ulashmoqda.

Afsuski, maktabdagi holat o‘ylaganimdek emas ekan, bolalarning ta’limga qiziqishi juda past. Hozirda noodatiy o‘qitish usullari orqali o‘quvchilarning tanqidiy fikrlashini oshirishga harakat qilmoqdamiz. Shuningdek, interaktiv o‘yinlar o‘tkazib, sinfxonadan tashqarida ham o‘quv mashg‘ulotlari olib borib, ularning o‘qish jarayoniga qiziqishini yana orttirishni maqsad qilganmiz”, – deydi buxorolik yosh pedagog Boburjon Idrisov.

Qashqadaryo viloyatidagi maktablarda dars berayotganlar orasida Andijondan kelgan ingliz tili o‘qituvchisi Mohira Abdurahmonova ham bor.

Vohaning sharoiti va iqlimiga moslashish uchun bu yerga avgust oyida keldik. Dastlab, adaptatsiya biroz qiyin kechdi, suv bilan bog‘liq bir qator masalalar bor ekan. 3 yoshli farzandimga o‘zimizga yaqin hududdan bog‘cha topish ham muammo bo‘ldi”, – deydi u.

Loyihaga qabul qilingan pedagoglar ikki yil davomida o‘zlariga biriktirilgan maktablarda ishlab berishi kerak. Ularga maosh bilan birga yashash xarajatlari uchun stipendiya ham beriladi.

Stipendiantlarimizga turar joylar masalasida Qashqadaryo viloyati hokimligi amaliy yordam ko‘rsatmoqda. Mazkur loyiha notijoriy bo‘lib, u, asosan, ta’lim sohasiga befarq bo‘lmagan ko‘ngilli shaxslar va tadbirkorlar tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi”, – deydi loyiha direktori Umida Yo‘ldosheva.

Ma’lumot o‘rnida, Teach for Uzbekistan loyihasi dunyoning 63 mamlakatida ayni shu yo‘nalishdagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlovchi – Teach for All global tarmog‘ining hamkori hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: