G‘arb OAV 2 oktyabr, chorshanba kuni Xamasning harbiy qanoti «Izzaddin al-Qassam brigadalari» bayonotiga tayanib xabar berishicha, Falastinning Hamas guruhi Tel-Aviv janubidagi Yaffo tumanida 1 oktyabr kuni sodir etilgan hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.
The Times of Israel nashrining yozishicha, hujumni amalga oshirgan shaxslardan ikki nafari - xevronlik Muhammad Mesek va Ahmad Himuniy Hamas a’zolaridir.
Tel-Avivda ikki kishi o‘tkinchilarga qarata o‘t ochdi
1 oktyabr kuni Tel-Aviv janubiy chekkasidagi Yaffoda sodir bo‘lgan otishmada olti kishi halok bo‘ldi, kamida to‘qqiz kishi yaralandi, deb xabar berdi politsiya. Yaradorlardan to‘rt nafarining ahvoli og‘ir. Ikki kishi o‘tkinchilarga qarata avtomatlardan o‘q uzgan. The Jerusalem Post nashrining xabar berishicha, hujumchilar huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan o‘ldirilgan.
Isroil matbuotiga ko‘ra, hujumchilar ko‘chada o‘t ochishdan oldin tramvayda o‘q uzgan, ular chiqishda kuzatuv kamerasi tomonidan tasvirga olingan. Politsiya voqea sodir bo‘lgan hududda otishma sodir etganlarning kamida yana bir sherigi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Tel-Avivdagi otishma Eron tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli raketa hujumi sababli Isroilda havo trevogasi e’lon qilinishi fonida sodir bo‘ldi. Isroilga jami 200 ga yaqin raketa uchirildi.