Chitada 13 kishi diversiyalar uchun 23 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi

Jahon 12:27 / 03.10.2024 1747

Chitadagi Ikkinchi sharqiy okrug harbiy sudi 13 kishini temiryo‘l inshootlari va transformator podstansiyalarida qo‘poruvchilik sodir etish, shuningdek, Primoredagi qiruvchi samolyotlarni yo‘q qilishga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topib, 4 yildan 23 yilgacha bo‘lgan muddatga hukm qildi. Guruh a’zolari 2022 yil dekabridan 2023 yil yanvarigacha jami 13 ta qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirgan, deb xabar berdi sud matbuot xizmati 2 oktyabr, chorshanba kuni.

Moskva va Krasnoyarskdagi infratuzilma obektlarida diversiyalar

Gap «Moskva shahri va Krasnoyarsk o‘lkasi hududlaridagi strategik muhim transport infratuzilmasi obektlari, transport vositalari va aholi hayotini ta’minlash obektlariga» hujumlar haqida ketmoqda. Sudda aytilishicha, qo‘poruvchilik obektlari qatorida lokomotiv va elektr ta’minoti shkaflari, shuningdek, transformator podstansiyalari ham bo‘lgan.

Bundan tashqari, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, ish bo‘yicha ayblanuvchilar Primorsk o‘lkasidagi harbiy qismlardan birida ko‘p maqsadli qiruvchilarga o‘t qo‘yishga tayyorgarlik ko‘rishgan.

Guruh tashkilotchisi - noma’lum shaxs

Bayonotda aytilishicha, jinoiy guruh noma’lum shaxs tomonidan Rossiya Federatsiyasining «iqtisodiy xavfsizligi va mudofaa qobiliyatiga putur yetkazish» maqsadida tuzilgan. Undan tashqari guruh tarkibiga Yegor Kusonets, Vladislav Turgushev, Artem Begoyan, Danil Volobuyev, Yevgeniy Yelizarov, Ilya Demeshov, Konstantin Zelsev, Amal Igamberdiyev, Matvey Kirillov, Karomatulloh Ne’matulloyev, Vasiliy Nijyegorodov va Kirill Shexter kirgan. Bundan tashqari, Aleksey Nifontov sherik bo‘lgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, ishda qatnashganlarning yoshi - 17 dan 23 gacha. Asosiy ayblanuvchi, 20 yoshli Yegor Kusonets 1 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash bilan 23 yil qamoq jazosini oldi, shu bilan birga u dastlabki 6 yilni qamoqda, qolgan muddatini esa qattiq rejimli koloniyada o‘taydi.

Jazo muddatlari - 4 yildan 23 yilgacha

Vladislav Turgushev 21 yilga, dastlabki 5 yil 6 oyini qamoqxonada va qolgan muddatini qattiq tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan, Artem Begoyan 20 yilga, Ilya Demeshov 19 yilga hukm qilindi. Qolganlariga esa 8,5 yildan 16 yilgacha qamoq jazosi berildi. Aleksey Nifontov jinoiy sheriklik uchun 4 yil oldi. Bundan tashqari, fuqarolik da’volari qisman qanoatlantirildi. Hukm hali qonuniy kuchga kirgani yo‘q.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlangandan so‘ng, Rossiyada RTY obektlari va boshqa infratuzilmalari, shuningdek, harbiy obektlarda qo‘poruvchilik holatlari ko‘paydi. Sudlar bu ayblovlar bo‘yicha uzoq muddatli qamoq jazolarini tayinlayapti.

Ko‘proq yangiliklar: