Rossiyaning 2025 yilga mo‘ljallangan budjeti mamlakat tarixidagi «eng maxfiylashtirilgan» loyihaga aylanadi

Jahon 01:37 / 01.10.2024 3430

Rossiya hukumati Davlat dumasiga ko‘rib chiqish uchun yuborgan 2025 yilgi federal budjet loyihasi mamlakat tarixidagi «eng maxfiylashtirilgan» loyihaga aylandi, deb xabar beradi The Bell.

Qayd etilishicha, hukumat rejalashtirilgan budjet xarajatlarining 31,6 foizini (13,1 trillion rubl) yopib qo‘ygan. Xarajatlarning yopiq ulushi — federal budjet moddalari bo‘yicha umumiy xarajatlar va ochiq ma’lumotlar o‘rtasidagi farqdir.

2023 yilda federal budjetning jami xarajatlarini 22,6 foizi (7,33 trillion rubl) yopilgan edi. Joriy yilgi budjet to‘g‘risidagi qonun bilan xarajatlarning 26,8 foizi (9,8 trillion rubl) «maxfiylashtirilgan».

An’anaga ko‘ra, 2025 yilgi budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasida ham «Milliy mudofaa» moddasi bo‘yicha xarajatlar eng ko‘p yopilgan. Hukumat bu yo‘nalishdagi jami xarajatlarning 84 foizini (11,4 trillion rubl) yopib qo‘ygan. 

Rossiyaning 2025 yilga mo‘ljallangan budjeti xarajatlari jami 41,5 trillion rublni tashkil etishi rejalashtirilgan. Budjet defitsiti YaIMning 0,5 foizini tashkil etadi, Moliya vazirligi uni ichki bozordan qarz olish hisobiga qoplaydi.

Avvalroq «Rossiya Federatsiyasi prezidenti va uning administratsiyasi faoliyatini ta’minlash» moddasi bo‘yicha 2025 yilda budjet xarajatlari 30,9 milliard rublni tashkil qilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Kreml xarajatlarining ortishi prezident va xodimlarning maoshi oshishi bilan bog‘liq. 1,5-2 ming kishi ishlaydigan prezident administratsiyasining ish haqi fondi 2025 yilda 21 milliard rublni tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: