RF 2025 yilda urush uchun rekord darajadagi 13,5 trln rubl ajratadi

Jahon 08:25 / 01.10.2024 2199

2025 yilda Rossiyaning «Milliy mudofaa» bandi bo‘yicha budjet xarajatlari 13,5 trillion rublni tashkil etishi kutilmoqda, bu Rossiya Federatsiyasi yalpi ichki mahsulotining 6,31 foiziga teng, deb yozadi The Bell 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan federal budjet loyihasi tushuntirish xatiga tayanib. Rossiya hukumati tomonidan tayyorlangan ushbu qonun loyihasi 30 sentabr, dushanba kuni Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasiga kiritilgan. The Bell hisob-kitoblariga ko‘ra, jami 2025 yilda mudofaa va xavfsizlik Rossiya budjeti xarajatlarining 41 foizini tashkil qiladi, u esa 41,5 trillion rublga teng.

Shu bilan birga, yangi budjet loyihasida 2026-2027 yillarda Rossiya harbiy xarajatlari kamayishni boshlashi nazarda tutilgan. Shunday qilib, 2026 yilda mudofaa xarajatlari 12,8 trillion rublni, 2027 yilda esa 13,1 trillion rublni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, deyiladi tushuntirish xatida.

Avvalroq Bloomberg manbalarga tayanib, kelasi yili Rossiya mudofaa xarajatlarini chorakdan ko‘proq — 13,2 trillion rublgacha oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. 2024 yilda Rossiya Federatsiyasining harbiy xarajatlari 10,7 trillion rubldan oshdi, bu birinchi marta pensiya va nafaqalarni to‘lashni o‘z ichiga olgan «Ijtimoiy siyosat» bandi bo‘yicha xarajatlardan oshib ketdi.

Putin RF Xavfsizlik kengashi tarkibini 35 kishigacha kengaytirdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF Xavfsizlik kengashi a’zolari sonini 35 kishiga yetkazdi. Tegishli farmon 30 sentabr kuni normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy nashri saytida e’lon qilindi. Xavfsizlik kengashining yangi a’zolari bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Denis Manturov va Putinning sobiq qo‘riqchisi, endi esa uning yordamchisi va Rossiya Federatsiyasi Davlat kengashi kotibi Aleksey Dyumin bo‘ldi.

Bundan tashqari, Xavfsizlik kengashi tarkibiga prezidentning Maxsus dasturlari bosh boshqarmasi boshlig‘i Aleksandr Linets, shuningdek, Federal tibbiy-biologiya agentligi rahbari, sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova kirdi. Shu bilan birga, sentabr oyida Federatsiya kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimini egallagan «Yagona Rossiya» partiyasi bosh kotibi vazifasini bajaruvchi Vladimir Yakushev Xavfsizlik kengashi tarkibidan chiqarildi.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashining raisi — Vladimir Putin, uning o‘rinbosari — Dmitriy Medvedev. 2024 yilning may oyidan beri Xavfsizlik kengashi kotibi - Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri Sergey Shoygu. Undan avvalgi kotib Nikolay Patrushev Putinning yordamchisi lavozimiga tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: