Livanga bostirib kirgan Isroil, Rossiyada armiyaga kuzgi chaqiruv va sudga berilgan Tramp - kun dayjesti

Jahon 14:03 / 01.10.2024 4524

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Livanga bostirib kirgan Isroil

Isroil Livan janubidagi chegara hududida «Hizbulloh» guruhi nishonlariga qarshi «cheklangan, mahalliylashtirilgan va maqsadli reydlar» boshladi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari 1 oktyabr, seshanbaga o‘tar kechasi bayonot berdi.

Bayonotda Isroil havo kuchlari va TsAHAL artilleriyasi hududdagi harbiy nishonlarga «aniq zarbalar» berib, Isroil quruqlikdagi kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgani aytiladi.

Bir necha soat oldin TsAHAL Isroil shimolida — Metula, Misgav-Am va Kfar Giladi aholi punktlari hududida yopiq harbiy zona tashkil etilganini rasman e’lon qildi.

«Shimoliy nayzalar» operatsiyasi mavjud vaziyatni baholashga muvofiq va G‘azo sektori va boshqa hududlardagi janglar bilan parallel ravishda davom etadi, deya ta’kidlagan TsAHAL.

Bundan oldin Isroilning zirhli texnikalari artilleriya va aviatsiya ko‘magi ostida Livanning chegara hududlariga kirib kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Deyarli bir vaqtning o‘zida Livan armiyasining bo‘linmalari mamlakat janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etib, besh kilometr ichkariga chekingani ma’lum bo‘ldi.

Ayni vaqtda Isroil mudofaa kuchlarining rasmiy vakili Daniel Hagari 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiylarining harakatlari haqida ma’lumot tarqatmaslikka chaqirdi.

Hasan Nasrullohning o‘ldirilishi

«Hizbulloh» harakati tuzilmalariga joylashib olgan Eronning ikki tomonga ishlovchi agenti Isroil armiyasiga guruh yetakchisi Hasan Nasrullohning qayerda ekanligi haqida ma’lumot bergan.

Bu haqda Fransiyaning Le Parisien gazetasi Livan xavfsizlik xizmatidagi manbaga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, 27 sentabr kuni Hasan Nasrulloh bir kun avval Isroil havo hujumi natijasida halok bo‘lgan «Hizbulloh» uchuvchisiz uchoqlar bo‘linmasi qo‘mondoni Muhammad Husayn Srurning dafn marosimida ishtirok etgan. Dafn marosimi guruhning yerosti qo‘mondonlik markazidan uncha uzoq bo‘lmagan Haret-Xreyk hududida bo‘lib o‘tdi. Bu paytda Isroilning bunkerlarni yo‘q qila oladigan bombalar bilan jihozlangan F-35 qiruvchi samolyotlari pistirmada turib, nishonning qarorgohga qaytishini poylashgan.

Kunning ikkinchi yarmida eronlik agent isroilliklarga Nasrullohning yaqin orada yetib borishi haqida xabar beradi. U dafn marosimidan so‘ng Islom inqilobi muhofizlari korpusining nufuzli bo‘linmasi — «Al-Quds» kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, eronlik general-mayor Abbos Nilfurushonning mashinasida o‘z qarorgohiga yetib keladi.

Guruhning favqulodda yig‘ilishida Nasrullohdan tashqari yana 12 nafar qo‘mondon ishtirok etgan. Nashri ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiylari portlash buyrug‘ini berishdan oldin barchaning bir xonada yig‘ilishini kutgan.

TsAHAL uchuvchilari «Hizbulloh» qo‘mondonlik markaziga har biri ikki tonna og‘irlikdagi oltita bomba tashlagan.

Rossiyada armiyaga chaqiruv

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy xizmatga kuzgi chaqiruv to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Qurolli Kuchlar mas’uliga ko‘ra, kuzgi chaqiruvdagi muddatli harbiy xizmatchilar «maxsus operatsiya zonasida vazifalarni bajarishga jalb etilmaydi».

Qayd etilishicha, 2024 yilning 1 oktyabridan 31 dekabriga qadar 18-30 yosh oralig‘idagi, zaxirada bo‘lmagan 133 ming rossiyalikni harbiy xizmatga yuborish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan belgilangan harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar zaxiraga bo‘shatiladi.

Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Tashkiliy-safarbarlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari vitse-admiral Vladimir Tsimlyanskiyning ma’lum qilishicha, kuzgi chaqiruvdagi muddatli harbiy xizmatchilar «maxsus harbiy operatsiya zonasida vazifalarni bajarishga jalb etilmaydi».

Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy xizmatga chaqiruv to‘g‘risidagi ogohlantirish elektron emas, oldingidek qog‘oz shaklida tarqatiladi.

Rossiyada bahorgi chaqiriq davomida 150 ming fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan edi.

Rossiyada migrantlarga taqiq

Rossiyaning Nijniy Novgorod oblastida migrantlarga ishlash uchun patent berishni to‘xtatishmoqchi. Hozircha bunday cheklov Rossiyaning biror hududida yo‘q.

1 oktyabrdan boshlab mehnat faoliyatiga yangi patentlar berishni to‘xtatish to‘g‘risidagi xabar oblastning Ichki ishlar vazirligi bosh boshqarmasi saytiga joylashtirilgan va keyinroq o‘chirib tashlangan.

Nijniy Novgorod politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra bu qaror oblast gubernatori Gleb Nikitinning Rossiya Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan xati asosida qabul qilingan.

«Bu rasmiy mehnat shartnomasiga ega bo‘lmagan barcha migrantlarni ishlash huquqidan mahrum qilishdir. Shartnomaga ega bo‘lish — migrantning qo‘lida emas. Patentga to‘lov qilib, ular shundoq ham soliq to‘lashadi. Ko‘pincha ish beruvchilar soliq, pensiya to‘lovlari va boshqa sug‘urta ajratmalaridan qochib, shartnoma imzolashmaydi», — degan o‘zbekistonlik huquqbon Valentina Chupik.

Uning qayd etishicha, patent berishni taqiqlash tashabbusi Rossiyada kuzatilgan ilk holat. Avvalroq migrantlarning ishlashiga cheklovlar Moskva oblastida qat’iylashtirilishi ma’lum bo‘lgan edi: 2025 yildan boshlab ularga sog‘liqni saqlash, ta’lim va tashish xizmatlarida ishlash taqiqlanadi.

Chupikning so‘zlariga ko‘ra, bunday qarordan so‘ng Nijniy Novgorod oblasti «bo‘shab» qoladi.

«Migrantlar-ku, boshqa adekvat hududlarga ko‘chib o‘tishar, biroq Nijniy Novgorod oblastida na obodonlashtiruvchilar, na santexniklar, na quruvchilar, na yuk tushiruvchilar, na farroshlar, na sanitarlar, na haydovchilar qoladi», — degan Chupik.

Rossiya hokimiyati migrantlarning mamlakat hududida bo‘lib turish shartlarini faol qat’iylashtirib kelmoqda. Jumladan, 2025 yilning martidan boshlab Rossiyada noqonuniy bo‘lib turgan migrantlarning reyestri ish boshlashi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, hukumat nolegal migratsiya uchun jazolarni kuchaytiruvchi qonun loyihalarini ma’qullamoqda.

Tramp sudga berildi

AQShning Springfild shahridagi Haiti diasporasi vakillari AQShning sobiq prezidenti Donald Trampning orol davlatidan kelgan muhojirlar uy hayvonlarini o‘g‘irlab ketayotgani va yeyayotgani haqidagi da’volari yuzasidan Mayami federal sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.

Ayblanuvchilar ro‘yxatida respublikachilar partiyasidan vitse-prezidentlikka nomzod Jyeyms Devid Vens va avvalroq Trampning da’volarini qo‘llab-quvvatlovchi xabarlarni tarqatgan X ijtimoiy tarmoq egasi Ilon Mask ham bor.

Tuhmat, nafrat qo‘zg‘atish, zo‘ravonlikka undash va haitilik muhojirlar fuqarolik huquqlarini buzishga qaratilgan fitna — Haiti diasporasi guruhlari tomonidan Trampga qo‘yilgan ayblovlarning faqat bir qismidir.

«Hech kimning butun bir guruh odamlarga tuhmat qilishga, ularga qarshi yolg‘on tarqatish orqali kundalik hayotini xavf ostiga qo‘yishga haqi yo‘q», deb ta’kidlashgan da’vo loyihasi mualliflari.

Kamala Harris bilan saylovoldi debatida Tramp haitilik muhojirlarni mushuk va itlarni yeyayotganlikda ayblab, ularni Springfilddan ommaviy ravishda deportatsiya qilishga va’da bergan edi.

«Springfildda ular itlarni yeyishadi, mushuklarni yeyishadi. U yerda yashovchi odamlarning uy hayvonlarini yeyishadi», — degandi Tramp. Springfild meri Rob Ryu va shahar politsiyasi bu ma’lumot yolg‘onligini ta’kidlashganiga qaramasdan, Tramp tarafdorlari ularni tarqatishda davom etgan.

«Helen» to‘foni oqibatlari

AQSh Milliy to‘fonlar markazining ma’lum qilishicha, «Helen» to‘foni Qo‘shma Shtatlar janubi-sharqida «halokatli, tarixiy suv toshqini»ga sabab bo‘ldi.

AQShda sodir bo‘lgan tabiiy ofat natijasida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 63 kishi halok bo‘lgan. Uch milliondan ortiq xonadon elektr energiyasiz qolgan.

Florida, Jorjiya, Janubiy Karolina, Tennessi va boshqa shtatlar «Helen» tufayli yuzaga kelgan vayronagarchilikdan ayniqsa jabr ko‘rgan. AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris shunday ogohlantirish bilan chiqdi: «To‘fon xavfli va halokatli bo‘lib qolmoqda, qurbonlar va suv toshqini xavfi hamon yuqori darajada».

Tennessi shtatining Ervin shahrida politsiya va qutqaruvchilar shifoxona tomiga chiqib ketgan 50 dan ortiq odamni vertolyot yordamida qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Ular qutqarilishidan bir necha soat oldin senator Bill Hegerti AQSh rasmiylarini suv bilan o‘ralgan odamlarga resurslar yetkazishga chaqirdi va vaziyatni «juda og‘ir» deb atadi.

«Helen» to‘foni 26 sentabr kuni Floridaga yopirildi, so‘ng qo‘shni shtatlarga ko‘chdi. Shamol tezligi soatiga 225 kilometrgacha yetdi va to‘fon «o‘ta xavfli» to‘rtinchi toifaga mansub deb topildi.

Ko‘proq yangiliklar: