Isroil Livan janubida «Hizbulloh»ga qarshi operatsiya boshladi

Jahon 07:57 / 01.10.2024 5400

Isroil Livan janubidagi chegara hududida «Hizbulloh» guruhi nishonlariga qarshi «cheklangan, mahalliylashtirilgan va maqsadli reydlar» boshladi. Bu haqda Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) 1 oktyabr, seshanbaga o‘tar kechasi bayonot berdi.

Bayonotda, Isroil havo kuchlari va TsAHAL artilleriyasi hududdagi harbiy nishonlarga «aniq zarbalar» berib, Isroil quruqlikdagi kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgani aytiladi. «Shimol o‘qlari» operatsiyasi mavjud vaziyatni baholashga muvofiq va G‘azo sektori va boshqa hududlardagi janglar bilan parallel ravishda davom etadi, deya ta’kidlaydi TsAHAL.

Dushanba kuni kechqurun Al Arabiya va Al Hadath telekanallari Isroil tanklari Rmeysh qishlog‘i hududida joylashgani haqida xabar berishdi. Bundan oldin Isroilning zirhli texnikalari artilleriya va aviatsiya niqobi ostida Livanning chegara hududlariga kirib kelgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bir necha soat oldin TsAHAL Isroil shimolida — Metula, Misgav-Am va Kfar Giladi aholi punktlari hududida yopiq harbiy zona tashkil etilganini rasman e’lon qildi. Deyarli bir vaqtning o‘zida Livan armiyasining bo‘linmalari mamlakat janubidagi o‘z pozitsiyalarini tark etib, besh kilometr ichkariga chekinishgani ma’lum bo‘ldi.

Ayni vaqtda Isroil mudofaa kuchlarining rasmiy vakili Daniel Hagariy 1 oktyabrga o‘tar kechasi Isroil harbiylarining harakatlari haqida ma’lumot tarqatmaslikka chaqirdi. «So‘nggi soatlarda TsAHALning Livan chegarasidagi faoliyati haqida ko‘plab xabarlar va mish-mishlar tarqaldi, — deb yozdi Hagariy X ijtimoiy tarmog‘ida. — Faqat rasmiylarga ishoning, mas’uliyatsiz mish-mishlarni tarqatmang». Avvalroq ba’zi isroillik siyosatchilar ijtimoiy tarmoqlarda TsAHALning Livandagi harbiy amaliyoti boshlanishiga ishora sifatida talqin qilinishi mumkin bo‘lgan postlarni e’lon qilgan edi.

Eronlik agent Isroilga Nasrullohni yo‘q qilishga yordam bergan

«Hizbulloh» harakati tuzilmalariga kirib borgan Eronning qo‘sh agenti Isroil armiyasiga guruh rahbari Hasan Nasrullohning qayerda ekanligi haqida ma’lumot berdi, bu esa TsAHALga uni yo‘q qilish imkonini yaratdi. Bu haqda 28 sentabr kuni Fransiyaning Le Parisien gazetasi Livan xavfsizlik xizmatidagi manbaga tayanib xabar berdi.

Nashrning yozishicha, 27 sentabr kuni Hasan Nasrulloh bir kun avval Isroil havo hujumi natijasida halok bo‘lgan «Hizbulloh» uchuvchisiz uchoqlar bo‘linmasi qo‘mondoni Muhammad Husayn Srurning dafn marosimida ishtirok etgan. Dafn marosimi guruhning yerosti qo‘mondonlik markazidan uncha uzoq bo‘lmagan Haret-Xreyk hududida bo‘lib o‘tdi. Ayni vaqtda bunkerlarni yo‘q qiladigan bombalar bilan jihozlangan Isroilning F-35 qiruvchi samolyotlari pistirmada turib, nishonning «Hizbulloh» qarorgohiga qaytishini kutishgan.

Kunning ikkinchi yarmida eronlik agent isroilliklarga Nasrullohning yaqin orada yetib borishi haqida xabar berdi. U dafn marosimidan so‘ng Islom inqilobi muhofizlari korpusining nufuzli bo‘linmasi - "Al-Quds" kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, eronlik general-mayor Abbos Nilforushanning mashinasida o‘z qarorgohiga yetib keldi. Guruhning favqulodda yig‘ilishida Nasrullohdan tashqari yana 12 nafar qo‘mondon ishtirok etgan. Le Parisien nashri xabariga ko‘ra, Isroil harbiylari portlash buyrug‘ini berishdan oldin hamma bir xonada yig‘ilishini kutgan. Gazeta manbasiga ko‘ra, TsAHAL uchuvchilari «Hizbulloh» qo‘mondonlik markaziga har biri ikki tonna og‘irlikdagi oltita bomba tashlagan. Avvalroq Isroilning Ynet portali guruhning qo‘mondonlik markaziga tashlangan bombalarning umumiy og‘irligi 80 tonnadan oshganini ta’kidlagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: