Haagadagi XJCdan Lukashenkoga qarshi tergov o‘tkazish so‘raldi

Jahon 09:43 / 01.10.2024 1459

Litva hukumati Aleksandr Lukashenko rejimi tomonidan belaruslarga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uchun materiallarni Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokuroriga rasman topshirdi. Tegishli bayonot 30 sentabr, dushanba kuni Litva Adliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

Hujjatda Belarus yetakchisi Aleksandr Lukashenko va mamlakat harbiy-siyosiy rahbariyatining boshqa vakillari «Belarus tinch aholisiga qarshi kampaniya o‘tkazayotgani, jumladan, bu o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va ta’qib qilish, qotillik, jinsiy zo‘ravonlik, qiynoqlar, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatni o‘z ichiga olgani» aytiladi.

«2020 yil 1 maydan shu kungacha Belarusning yuqori martabali siyosatchilari va harbiy xizmatchilari ko‘rsatmasi bilan Belarus tinch aholisiga qarshi jinoyatlar, jumladan deportatsiya, ta’qib va ​​boshqa g‘ayriinsoniy harakatlar sodir etilgan deb hisoblash uchun asoslar mavjud», — deb ta’kidladi Vilnyus. Boltiqbo‘yi mamlakati rasmiylari, shuningdek, ushbu jinoyatlarning elementlari Belarus rejimi tomonidan Litva hududida sodir etilganligini, buning natijasida bunday jinoyatlar XJS yurisdiksiyasiga kirishini ta’kidladi.

Bryussel Lukashenko rejimi mahbuslarini ozod etishni talab qildi

25 sentabr kuni Belarusning Bryusseldagi elchixonasi oldida «Vyasna» inson huquqlari markazi asoschisi, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Ales Belyatskiyning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Lukashenko rejimi siyosiy mahbuslarini ozod qilish uchun miting bo‘lib o‘tdi. Namoyishda Yevroparlament deputatlari, Inson huquqlari bo‘yicha hamkorlik tashkiloti (Libereco), Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya (FIDH) vakillari va Belarus diasporasi vakillari ishtirok etdi. Jami 30 ga yaqin kishi elchixona eshigi ro‘parasidagi ko‘chaga chiqdi, ko‘pchilik qo‘llarida oq-qizil-oq bayroqlar, plakatlar va bannerlar ko‘tarib oldi.

Namoyishchilar Belarus diplomatik missiyasiga murojaat qilib, Minskni Belyatskiy va boshqa barcha siyosiy mahbuslarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirishdi, ularning soni 1300 dan oshdi, petitsiyaga 82 mamlakatdan 82 ming kishi imzo chekdi. U Belarus rasmiylariga topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: