«Afsuski, YeIda qo‘llab-quvvatlash masalasida (Ukrainani) yakdillik yo‘q, chunki bir davlat Braziliya-Xitoy tashabbusini ochiq qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi», deb yozdi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 30 sentabr, dushanba kuni o‘z blogida 24 sentabr kuni BMT Xavfsizlik kengashida Ukrainadagi urush muhokamasiga izoh berib.
Shu bilan birga, Borrel o‘sha uchrashuvda o‘zi ham Ukrainani «omon qolish uchun kurashida» to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiyning takliflarini qo‘llab-quvvatlashini bildirganini ta’kidladi.
Kiyev Bernni XXR «tinchlik tashabbusini» qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi
Kiyev Xitoy va Braziliyaning Ukraina uchun «tinchlik tashabbusi»ni tanqid qildi va Shveytsariyani ushbu hujjatni qo‘llab-quvvatlagani uchun qoraladi. «Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga aniq havola bo‘lmagan va Ukrainaning hududiy yaxlitligini to‘liq tiklashni kafolatlamaydigan har qanday tashabbuslar qabul qilinishi mumkin emas, bu kabi «tinchlik tashabbuslari» faqat muloqot illyuziyasini keltirib chiqaradi, tajovuzkor o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettiradi», deyiladi Ukraina TIV 28 sentabr kuni e’lon qilgan izohida.
Hujjatda aytilishicha, Kiyev Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan «tinchlik formulasi»ni «umumiy, adolatli va barqaror tinchlikka erishishning yagona yo‘li» deb biladi. «Ukraina uchun tinchlikka erishish yo‘llarini muhokama qilish uchun qo‘shimcha format va platformalar yaratishga hojat yo‘q. Tinchlik formulasi barcha g‘oyalarni muhokama qilish, turli qarashlar va tushunchalarni birlashtirish uchun to‘liq vositalar va mos platformalarni taqdim etadi», — deya ta’kidlaydi Ukraina TIV.
Press-relizda aytilishicha, Ukraina nuqtayi nazaridan, barcha tinchlik muhokamalari BMT Nizomiga asoslangan «Ukrainasiz Ukraina haqida hech narsa» tamoyilini hisobga olishi va xalqaro miqyosda Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishni o‘z ichiga olishi kerak.