AQShning 39-prezidenti Jimmi Karter bugun, 1 oktyabr kuni 100 yoshga to‘ldi — u Amerika rahbarlari orasida bu yoshga yetgan birinchi prezident bo‘ldi, deb xabar beradi Associated Press.
Qayd etilishicha, Karter tug‘ilgan kunini rafiqasi Rozalin bilan birga 1960 yillar boshida qurgan bir qavatli uyida nishonlagan.
Oxirgi 19 yildan beri Karter Jorjiya shtati Pleyns shahridagi xospisda yashab keladi. Shahar ma’muriyati 1 oktyabr kuni sobiq prezident sharafiga konsert tashkil etishni rejalashtirgan.
«Yer yuzidagi barcha insonga ham 100 yoshga to‘lish nasib etmaydi. Kimdir bu yoshgacha yashab, o‘tgan umrini yaxshi insonlarga yaxshilik ulashishga sarflar ekan — buni nishonlash kerak», — deydi sobiq prezidentning nabirasi Jyeyson Karter.
Jyeysonning ta’kidlashicha, uning oilasi Jimmi Karter 100 yoshini nishonlashini kutmagan.
17 sentabr kuni Atlantadagi «Karter markazi»da sobiq prezident sharafiga turli artistlar, jumladan, 1976 yilda uning saylovoldi kampaniyasida ishtirok etganlar ishtirokida katta bayram konserti bo‘lib o‘tgandi. Tadbirda markaz dasturini moliyalashtirishga 1,2 million dollardan ortiq mablag‘ to‘plangan.
Jimmi Karterning o‘zi oxirgi marta qariyb bir yil oldin — rafiqasining dafn marosimida ommaga ko‘rinish bergandi. O‘shanda u nogironlar aravachasida harakatlangan. Karterning nabirasiga ko‘ra, uning bobosi prezidentlik saylovida o‘z ovozini demokratlardan nomzodini ilgari surayotgan Kamala Harrisga bermoqchi.
Karter 1976 yilda Demokratik partiyadan prezidentlikka saylangan va 1981 yilga qadar Oq uyni bir muddat boshqargan, u saylovlarda respublikachi Ronald Reyganga yutqazgan. Iste’foga chiqqanidan keyin Karter so‘nggi yillarda sog‘lig‘i yomonlashguncha gumanitar loyihalar bilan shug‘ullanishda va dars berishda davom etdi. 2002 yilda u dunyo bo‘ylab mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish va inson huquqlari uchun kurashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘ldi.