“Yangi dunyo tartiboti odatda urushlardan keyin shakllanadi” - ekspertlar BMT islohoti haqida

Jahon 15:49 / 30.09.2024 8094

BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasi ham tashkilotni isloh qilish chaqiriqlarisiz o‘tmayapti. Kun.uz suhbatlashgan ekspertlar Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiqning so‘zlariga ko‘ra, BMTni isloh qilish deganda, BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish tushuniladi, buni amalga oshirish esa juda murakkab. Xalqaro tartibotning tubdan o‘zgarishi kelgusida AQSh–Xitoy urushi natijalariga ko‘ra ro‘y berishi mumkin.

Ayni kunlarda Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator davlatlarning prezidentlari, bosh vazirlari, tashqi ishlar vazirlari qatnashib, nutq so‘zlamoqda.

BMT bundan 79 yil oldin, Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng tuzilgandi. Uning bosh vazifasi – dunyoda tinchlikni ta’minlash, jahon urushlarining oldini olishdir. Biroq ayni paytda jahonda 100 dan ortiq qurolli urushlar davom etayotgani BMT o‘z strategik vazifasini uddalolmaganidan dalolat beradi.

Tashkilotning eng muhim ikki instituti – Xavfsizlik kengashi va Bosh assambleya. Xavfsizlik kengashida muayyan qarorni qabul qilish juda qiyin, chunki kengash qarorlari qabul qilinishi uchun 5 nafar a’zodan hech biri veto qo‘llamasligi kerak. Bu huquq esa doimiy a’zolarga o‘z manfaatini samarali ilgari surish imkonini beradi.

Huquqshunos Hamid Sodiqqa ko‘ra, Xavfsizlik kengashiga a’zo davlatlarning tashqi siyosatida ikki standartlilik bor. Demokratik mamlakatlar o‘z hududida liberalizmni ta’minlagan, adolatli siyosat yurgizadi, lekin o‘z hududidan tashqarida adolatsiz qadamlar tashlaydi. Davlat rahbarlarining Bosh assambleya sessiyalariga borgan sari kamroq borayotgani uning ham roli tushganidan dalolat, deydi u.

BMT asosiy vazifasi – urushlarning oldini olish vazifasini bajara olmayapti. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, ocharchilik kabi muhim gumanitar masalalarda o‘z vazifalarini bajaryapti. Shu sababli bunday tashkilot kerak, lekin bugungi ko‘rinishida emas, deya qayd etadi Hamid Sodiq.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, tashkilotni isloh qilish tashabbuslari o‘n yillardan beri yangraydi. Xavfsizlik kengashiga a’zolik uchun davlatlar harakat qiladi, biroq ichkaridagi 5 davlat bunga yo‘l bermaydi. Ukraina, G‘azodagi urushlar bilan bog‘liq muhim rezolyutsiyalar ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinmoqda, lekin amaliy emas, ko‘proq siyosiy va ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lib qolyapti.

Dunyoda qayta qurollanish avj olgan, raqobat kayfiyati oshib bormoqda. Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush davom etayotgan bo‘lsa-da, AQSh uchun eng katta raqobatchi bu Xitoy. Demak, kelajakda yuz berishi mumkin bo‘lgan eng katta urush AQSh va Xitoy o‘rtasida bo‘lishi mumkin. Millatlar ligasi va BMT ikki jahon urushidan so‘ng tuzilgani inobatga olinsa, BMTning tub islohoti ham keyingi yirik urushdan so‘ng bo‘lishi mumkin, deydi ekspertlar.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: