The Insider: Navalniy koloniyada zaharlangan bo‘lishi mumkin 

Jahon 09:05 / 30.09.2024 3085

Tergov rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning Qutb doirasidan tashqaridagi «Qutb bo‘risi» (IK-3) koloniyasida zaharlangani haqidagi dalillarni yashirgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda 29 sentabr, yakshanba kuni chop etilgan The Insider materialida aytiladi.

Nashr adliya mayori Aleksandr Varapayev tomonidan imzolangan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorning ikki variantidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Birinchisida aytilishicha, 2024 yil 16 fevralda Aleksey Navalniy yurish paytida to‘satdan o‘zini yomon his qilgan, bu haqda xabar bergan va koloniya hovlisidan olib chiqilgan. Keyin siyosatchi yerga yotgan va «qornidagi o‘tkir og‘riqdan shikoyat qilgan, oshqozonda refleksli jarayon boshlangan va u hushini yo‘qotgan».

Qorin og‘rig‘i, qusish haqidagi so‘zlar xuddi shu qarorning so‘nggi versiyasida yo‘q, deya qayd etadi The Insider. «Musodara qilingan ashyolar» ro‘yxatiga ekspertiza uchun taqdim etilgan «qusuq namunalari» ham kiritilgan, ammo na ekspertiza, na qusish haqida rasman xabar berilmagan.

Siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya avvalroq «u o‘limi oldidan so‘nggi daqiqalarda qornidagi o‘tkir og‘riqlardan shikoyat qilgani»ni aytgan edi. 2020 yilda «Novichok»dan zaharlangan Navalniyni Omsk kasalxonasida davolagan shifokor Aleksandr Polupanning so‘zlariga ko‘ra, hujjatlarda tasvirlangan alomatlar siyosatchi yana zaharlangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishi mumkin. Bu versiyani rasmiylar uzoq vaqt davomida jasadni topshirmagani va biomateriallarni muqobil ekspertizadan o‘tkazishga ruxsat bermagani ham tasdiqlaydi, deya ta’kidlaydi nashr.

Navalniyning o‘limi: prokuratura ish qo‘zg‘atmaslik haqidagi qarorni bekor qildi

«Tergovning Rossiya koloniyasida muxolifatchi Aleksey Navalniy o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atmaslik haqidagi qarori prokuratura tomonidan bekor qilindi», deb xabar berdi siyosatchi ittifoqchisi Ivan Jdanov 3 sentabr kuni.

«Material Rossiya Tergov qo‘mitasining Yamal-Nenets avtonom okrugi bo‘yicha alohida muhim ishlarni tergov qilish bo‘limiga yuborilgan», deyiladi Rossiya Federatsiyasi YaNAO prokuraturasi qarorida. Jdanov o‘zining Telegram-kanalida uning fotonusxasini joylashtirdi.

Uning fikricha, bu qadam «jinoyat ishi qo‘zg‘atilishini anglatmaydi». Bu shuni anglatadiki, ular Aleksey Navalniyning o‘ldirilishini boshqacha ko‘rsatish haqida o‘ylashadi yoki tekshiruv cheksiz muddat davomida o‘tkaziladi, dedi Jdanov.

Ko‘proq yangiliklar: