Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqot qilmoqda.
Avvalo, alohida o‘rnak ko‘rsatgan ta’lim sohasi xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident mamlakatimizning barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
Davlat rahbari sohada amalga oshirilayotgan katta ishlar borasida ba’zi misollarni keltirdi.
O‘tgan 7 yilda ta’limni rivojlantirishga jami 216 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash uchun budjetdan 19,5 trillion so‘m sarflanib, 6 mingta davlat maktabi va 3,5 mingta bog‘cha rekonstruksiya qilindi va yangidan qurildi.
Xususiy ta’limga keng imkoniyatlar yaratilayotgani tufayli xususiy maktablar soni 27 tadan 500 taga yetdi, nodavlat bog‘chalar 250 tadan 30 mingtaga ko‘paydi.
Bu moddiy resurslar birinchi navbatda intellektual-ma’naviy resurslar bilan to‘ldirilishi kerakligi, shundagina ta’limda sifat, samara bo‘lishi ta’kidlandi.
Intellektual-ma’naviy resurslar – bu avvalo o‘qituvchining bilim va tajribasi, mahorati, uning madaniy darajasi, ma’naviy saviyasi deganidir.
Albatta, bunday uyg‘unlikka erishish oson emas. Buning uchun katta-katta mablag‘lardan tashqari ulkan insoniy resurs, bilim va tajriba, kadrlar salohiyati, eng muhimi, o‘qituvchilarning vatanparvarlik fazilatlari talab etiladi.
Ayni vaqtda, bugungi kunda ta’lim sohasida strategik tafakkur zarur. Bu nima degani?
Bu o‘n-o‘n besh yil oldinni ko‘rib, ta’lim maskanlarini faqat bugungi kun uchun emas, kelajak uchun ishlaydigan darajaga ko‘tarish degani.
Chunki ta’limda, ma’rifatda orqada qolganlar – hech shubhasiz, taraqqiyotda ham orqada qoladi. Bu – tarixda isbotlangan haqiqat.
«Har bir o‘qituvchi va murabbiy, bog‘cha mudirasi, maktab direktori ma’lum ma’noda strateg bo‘lishi zarur.
Ular avvalo el-yurt taqdiri va kelajagini hal qiladigan ulug‘ maqsadlar yo‘lida xizmat qilayotganlarini chuqur anglab yetishlari va shu asosda harakat qilishlari lozim», - dedi davlat rahbari.
O‘tgan davrda ilgari e’tibordan chetda qolgan yo‘nalishlar, xususan, pedagogik ta’limga, uning ilmiy, nazariy va amaliy asoslariga e’tibor kuchaytirildi.
Kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etish uchun oliygohlarda sirtqi ta’lim shakli tiklandi.
O‘qituvchilarga mahorati va erishgan yutuqlariga qarab to‘lanadigan ustamalar soni 3 tadan 17 taga oshirildi.
O‘z ustida astoydil ishlagan, xorijiy sertifikat olgan 6 ming o‘qituvchi 10 million so‘mdan ziyod maosh olmoqda. 2020 yilda bunday o‘qituvchilar 102 nafar bo‘lgan.
Albatta, bu hali yetarli emasligi, lekin ushbu raqam keyingi ikki yilda 5,3 barobar oshgani ta’kidlandi.
O‘tgan 5 yilda maktab ta’limida, ta’bir joiz bo‘lsa, lokomotiv vazifasini bajaradigan 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ana shu maktablar dasturlari asosida tabiiy va aniq fanlar bo‘yicha zamonaviy darsliklar yaratilmoqda.
Eng muhimi, bu maktablar aniq samara bera boshladi. Ushbu maktablarni bitirgan 100 nafar yigit-qiz dunyoning TOP-100 oliygohlarida tahsil olmoqda.
Prezident maktablaridagi baholash tizimi hozir 500 ta umumta’lim maktabida qo‘llanmoqda. Baholashni samarali yo‘lga qo‘ygan 66 ta maktab jamoasiga 40 foizgacha ustama to‘lanmoqda.
Mamlakatda iqtidorli yoshlarni seleksiya yo‘li bilan tanlab olish bo‘yicha ilgari bo‘lmagan yangi tizim yo‘lga qo‘yildi.
Natijada bu yilning o‘zida xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarimiz 122 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi so‘nggi 7 yilda 4 karra oshdi.
Bu yil 310 ming nafar o‘g‘il-qizlarimiz oliygoh talabalari bo‘ldi. Ana shu yoshlarning qariyb yarmi qizlardir.
Bunday natija ilgari hech qachon bo‘lmagan.
«Yana bir bor aytaman: qancha islohot qilmaylik, birinchi navbatda o‘qituvchining bilimi va kasb mahoratini oshirmas ekanmiz, sifatli ta’limni ta’minlay olmaymiz”, - dedi prezident.
Bugungi kunda davlat ta’lim muassasalarida 46 ming nafar, xususiy tashkilotlarda esa 38 ming nafar pedagog 5 yil davomida malaka oshirmagani afsus bilan qayd etildi.
Bu yil attestatsiya jarayonlari shaffof bo‘lishi uchun sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar qo‘llandi. Natijada 198 ming o‘qituvchidan 21 ming nafari malaka bo‘yicha yetarli ball to‘play olmadi.
Bu barchani tashvishga solishi kerak bo‘lgan holat ekani ko‘rsatib o‘tildi.