Senat yalpi majlisida “Qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonun bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, kooperativ a’zoligiga qabul qilish, nazorat qilish, tashqi audit, boshqarish, qayta tashkil etish va tugatish borasidagi, shuningdek, davlat va kooperativlar o‘rtasidagi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kooperativ qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshirish uchun pay usuliga hamda jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ravishda birlashishiga asoslangan mustaqil tijorat tashkiloti ekani qonunan belgilanmoqda. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi kooperativi kamida yetti nafar jismoniy va (yoki) yuridik shaxslardan iborat tarkibda tashkil etilishi nazarda tutilyapti.
Qonunda qishloq xo‘jaligi kooperativining boshqaruv organlari, jumladan, umumiy yig‘ilish, kooperativ boshqaruvi, kuzatuv kengashining aniq vazifalari, vakolatlari, huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativiga a’zolikka kirish va undan chiqish, kooperativ a’zolarining huquq va majburiyatlari, ularning hisobini yuritish, pay badallarini to‘lash bilan bog‘liq normalar hujjatda o‘z aksini topgan.
Bundan tashqari, kooperativlarga qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish, shuningdek, qonunlarda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqi berilmoqda.
Qonunda davlat tomonidan agrar-iqtisodiy siyosat yordamida kooperativlar faoliyati uchun qulay muhitni ta’minlash, ularning faoliyatini rag‘batlantiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish, qishloq xo‘jaligi korxonalariga berilayotgan imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish, bank kreditlaridan va boshqa moliyaviy resurslardan foydalanishda ko‘maklashish nazarda tutilgan. Kooperativlarni iqtisodiy, sotsial, hududiy va ijtimoiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor berilgan.
Qayd etilishicha, qonunning qabul qilinishi qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi sub’yektlarning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi, o‘z tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi kooperativlarini tashkil etish, ularni professional va demokratik yo‘l bilan boshqarish hamda qishloq xo‘jaligida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi.
Senat raisi Tanzila Norboyeva qonun muhokamasida qishloq xo‘jaligi kooperativlari agrar sohani rivojlantirishning muhim vositasi ekanini ta’kidlab o‘tdi.
“AQSh, Braziliya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Yaponiya, Yangi Zelandiya kabi qator rivojlangan davlatlarda qishloq xo‘jaligi kooperativlari iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga aylangan. Ularning yillik aylanmasi o‘nlab milliard dollarni tashkil etadi.
Ushbu tizimni to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yadigan bo‘lsak, fermer, dehqon va tomorqachilar manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinadi. Qulay shart-sharoitlar yaratilib, ularning mustaqilligi, manfaatdorligi, farovonligi oshadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati yaxshilanadi. Yangi quvvatlar ishga tushadi. Eksport salohiyati oshadi.
Qonunda davlatning qishloq xo‘jaligi kooperativlariga doir vazifa va majburiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, agrar iqtisodiy siyosat orqali qulay muhitni ta’minlash, rag‘batlantiruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi maqsadli dasturlarni ishlab chiqish vazifasini davlat o‘z zimmasiga olyapti.
Davlat organlari tomonidan qishloq xo‘jaligi kooperativiga yetkazilgan zararni davlat tomonidan qoplashga oid majburiyat mustahkamlab qo‘yilmoqda. Bular ushbu sohada ishlovchilar uchun juda muhim”, dedi Senat raisi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Respublika bo‘ylab qishloq xo‘jaligi kooperativlari mahalliy rahbarlar tomonidan muntazam ravishda noqonuniy to‘siqlarga uchrab keladi. Kun.uz bunday holatlarni ko‘p bora yoritgan.
Bu borada Kun.uzʼda e’lon qilingan ayrim materiallar: