Festivalning rasmiy qismi doirasida davlat rahbarining farmoniga muvofiq, Qozog‘iston Respublikasi o‘zbek etnik-madaniy birlashmalari uyushmasi raisi Ikrom Hoshimjonov «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.
Farmonda uning O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va yangi bosqichga ko‘tarishga, uning ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aloqalarni boyitish, kengaytirish, har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslari, qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish, shuningdek, mamlakatlar xalqlarining ko‘p asrlik do‘stligi va hamjihatligini yanada mustahkamlashda ulkan xizmatlari borligi ta’kidlangan.
Ordenni O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibrohimov topshirdi.
Tadbirda so‘zlangan nutqlarda Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayevning "bizning umumiy tariximiz-bizning umumiy kelajagimiz", degan so‘zlari alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning siyosiy irodasi tufayli mintaqada mamlakatlar o‘rtasida ishonch va do‘stlik, har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari muhiti yaratilgani ta’kidlandi.
Qozog‘iston etnik o‘zbeklarining «Do‘stlik» jamiyati tomonidan tashkil etilgan rasmiy marosimda Qozog‘istonda o‘zbek tili, madaniyati, urf-odat va an’analarini targ‘ib qilish muhimligi ta’kidlanib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yuksak darajada ekanligini yana bir bor e’tirof etdilar.