Putin va uning administratsiyasi xarajatlari 25 foizga oshadi

Jahon 23:50 / 30.09.2024 3057

«Rossiya Federatsiyasi prezidenti va uning administratsiyasi faoliyatini ta’minlash» moddasi bo‘yicha 2025 yilda budjet xarajatlari 30,9 milliard rublni tashkil qiladi. Bu haqda Rossiya Davlat dumasiga kiritilgan yaqin uch yildagi federal budjet loyihasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Putin administratsiyasining xarajatlari 2024 yilga nisbatan 25,5 foizga oshmoqda. 2023 yil oxirida qabul qilingan uch yillik budjetga ko‘ra, prezident hamda uning administratsiyasi xarajatlari 2024 yilda 24,6 milliard rublni, 2025 yilda ham xuddi shuncha summani, 26 yilda esa 25,4 milliard rublni tashkil etishi kerak edi.

Telegramʼdagi Faridaily kanalining yozishicha, xarajatlarning ortishi prezident va Kreml xodimlarining maoshi oshishi bilan bog‘liq. Xususan, 1,5-2 ming kishi ishlaydigan prezident administratsiyasining ish haqi fondi 2025 yilda 18 dan 21 milliard rublgacha oshadi. Shuningdek, prezident hamda Kreml uchun xarid qilinadigan tovarlar va xizmatlar xarajati ham oshgan.

Uch yillik budjet loyihasiga ko‘ra, 2026 yilda prezident va uning administratsiyasi xarajatlari biroz qisqaradi — 30,8 milliard rublga tushadi, 2027 yilda esa yana oshadi — 31,7 milliard rublgacha.

Federal budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyaning «Milliy mudofaa» moddasi bo‘yicha budjet xarajatlari 13,5 trillion rubl atrofida bo‘ladi. Harbiy xarajatlar Rossiya YaIMining 6,31 foizini tashkil etmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: