Putin harbiy xizmatga chaqirish haqidagi qarorni imzoladi. Armiyaga 133 ming rossiyalik olib ketiladi

Jahon 20:41 / 30.09.2024 3095

Vladimir Putin Rossiya fuqarolarini harbiy xizmatga kuzgi chaqiruv to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning 1 oktyabridan 31 dekabriga qadar 18-30 yosh oralig‘idagi, zaxirada bo‘lmagan 133 ming rossiyalikni harbiy xizmatga yuborish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur qaror bilan belgilangan harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilar zaxiraga bo‘shatiladi.

Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Tashkiliy-safarbarlik bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari vitse-admiral Vladimir Tsimlyanskiyning ma’lum qilishicha, kuzgi chaqiruvdagi muddatli harbiy xizmatchilar «maxsus operatsiya zonasida vazifalarni bajarishga jalb etilmaydi».

Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy xizmatga chaqiruv to‘g‘risidagi ogohlantirish elektron emas, oldingidek qog‘oz shaklida tarqatiladi. 2024 yil aprelda 1 noyabrdan chaqiruv qog‘ozlarini elektron ko‘rinishda tarqatish boshlanishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Sentyabr o‘rtalarida kelib Rossiyaning uchta oblastida (Saxalin, Ryazan oblastlari, shuningdek, Mariy El Respublikasi) test rejimida Harbiy hisobni yuritishning yagona reyestri ishga tushdi va u orqali chaqiruv xabarnomasi kelgan-kelmaganini aniqlash mumkin.

Tsimlyanskiyning so‘zlariga ko‘ra, chaqiriluvchilar chaqiruv komissiyasi qarori ustidan sudgacha shikoyat kiritishlari mumkin. Ular «Davlat xizmatlari» orqali elektron ko‘rinishda shikoyat yo‘llay oladi.

Rossiyada bahorgi chaqiriq davomida 150 ming fuqaro muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: