Prezident o‘qituvchi va murabbiylarni bayram bilan tabrikladi

O‘zbekiston 21:13 / 30.09.2024 2151

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigini yo‘lladi.

Davlat rahbari el-yurt azaldan e’zozlab keladigan o‘qituvchi va murabbiylarning maqomini, qadr-qimmatini yanada yuksaltirish – davlat siyosatining eng muhim, hal qiluvchi yo‘nalishiga aylanganini ta’kidladi.

Milliy taraqqiyot strategiyasi asosida ta’lim va tarbiya tizimida tarixiy ishlar amalga oshirilayotgani, sohaga oid ko‘plab qonun, farmon va qarorlar qabul qilinib, bu boradagi huquqiy baza mustahkamlangani, yangilangan Konstitutsiyada o‘qituvchining maqomi alohida belgilab qo‘yilganini qayd qildi. Respublikada har yili yangi ta’lim maskanlari barpo etilib, ularning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanayotgani, darslik va o‘quv qo‘llanmalarining zamon talablariga mos yangi avlodi yaratilayotganiga urg‘u berdi.

Tabrik so‘zida aytilishicha, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ulkan ishlar doirasida o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bugungi kunda o‘qituvchilarning ish haqi 2016 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 marta, professor-o‘qituvchilarning oylik maoshi esa 4,5 karra o‘sgan, oktyabr oyidan pedagog xodimlarning ish haqi yana 15 foizga oshiriladi.

O‘quvchilar 2010-2016 yillarda xalqaro fan olimpiadalarida 73 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, so‘nggi yetti yilda 349 ta, 2024 yilning o‘zida esa 122 ta medalga sazovor bo‘lgan.

Xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarning ustozlarini rag‘batlantirish uchun davlat budjetidan 6 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.

«Ishonchim komil, siz, muhtaram pedagoglar, professor-o‘qituvchilarimiz ta’lim sohasidagi islohotlarimizda yanada faol ishtirok etib, «Yangi O‘zbekiston – ma’rifiy jamiyat» degan oliyjanob g‘oyamizni amalga oshirishga munosib hissa qo‘shasiz. Hech shubhasiz, biz ta’lim va tarbiya tizimini yanada ravnaq toptirish, soha xodimlari uchun munosib mehnat va turmush sharoitlarini yaratish masalasiga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat beramiz va o‘qituvchilikni jamiyatimizda eng obro‘li kasblar qatoriga olib chiqamiz», deyiladi tabrik so‘zi yakunida.

Ko‘proq yangiliklar: