Peskov: Yadro qurolidan foydalanish shartlarini harbiylar belgilaydi

Jahon 08:06 / 30.09.2024 7940

Rossiya Federatsiyasining yangilangan yadroviy doktrinasiga muvofiq Rossiya tomonidan yadro qurolidan foydalanish shartlari Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanishi kerak. Bu haqda 29 sentabr, yakshanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Rossiya 1» telekanali muxbiri Pavel Zarubinga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar «qaysi qurollar qo‘llanayotgani va ular qanday qo‘llanayotganini (Ukrainadagi urushda) yaqindan kuzatib boradi» va «e’tiborni susaytirmaydi». Peskov jurnalistning Putin tomonidan aytilgan yadro qurolidan foydalanish uchun ba’zi shartlar allaqachon mavjud ekanligi haqidagi so‘zlariga shunday izoh berdi.

Peskov shuningdek, «aslida, yadroviy kuchlar Ukraina atrofidagi mojaroda Ukraina tomonida ishtirok eta boshlaganini» ta’kidladi va Kremlning «NATO infratuzilmasi Rossiya chegaralariga yaqinlashayotgani» haqidagi pozitsiyasini takrorladi — go‘yo bularning barchasi «yadroviy doktrinaga va yadroviy to‘siq bo‘lish sohasidagi davlat siyosati asoslariga tuzatishlar kiritishni talab etgan». Putin matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, bunday tuzatishlar allaqachon tayyorlangan va shakllana boshlagan.

Yadroviy tahdidlar

O‘tgan hafta Putin Rossiya mamlakatga ommaviy havo zarbalari berilgan taqdirda yadro qurolidan foydalanishi mumkinligi bilan tahdid qildi. Shuningdek, u yadroviy davlat ko‘magida Rossiyaga qilingan har qanday hujum Rossiya Federatsiyasiga qo‘shma tajovuz sifatida baholanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Avvalroq Rossiya prezidenti Rossiyaga qarshi G‘arbning uzoq masofali aniqlikdagi qurollarini qo‘llash NATO davlatlarining urushda bevosita ishtirok etishini anglatishini aytgan edi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bir necha oydirki, bunday qurollarni Rossiya hududiga chuqur zarbalar berish uchun ishlatishga ruxsat so‘rab keladi.

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar Putinning yadroviy tahdidlarini qoralab, ularni mas’uliyatsizlik deb atadi.

Ko‘proq yangiliklar: