O‘zbekiston umumiy iqtisodiyotida kreativ iqtisodiyot ulushi oshiriladi

O‘zbekiston 18:23 / 30.09.2024 1398

Senatning ellik sakkizinchi yalpi majlisida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun muhokamasida qayd etilishicha, kreativ iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bo‘yicha xorijiy davlatlarda qator ijobiy tajribalar mavjud.

Xususan, Indoneziyada “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, Turizm va kreativ iqtisodiyot vazirligi tashkil etilgan. Umumiy qiymati 1 mlrd dollar bo‘lgan 15 ta startap loyihalar amalga oshirilib, kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 7 foizga yetgan. Rossiyada Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish markazi va 20 ta kreativ iqtisodiyot yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlaydigan Universal universitet tashkil etilgan va Strategik tashabbuslar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Kreativ industriyani rivojlantirish to‘g‘risida”gi qonun imzolangan. Angliyada esa 2035 yilgacha innovatsiyalar strategiyasi qabul qilingan bo‘lib, hozirda kreativ industriyalarda 2,1 mln nafar kishi faoliyat yuritib, kreativ iqtisodiyotning YaIMdagi ulushi 5,8 foizni tashkil etmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda kreativ industriya sohasiga oid 9 600 ta korxona mavjud bo‘lib, ularda 84 ming nafar xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 28 ming nafar hunarmand ushbu soha yo‘nalishida faoliyat yuritmoqda. Bu esa mazkur sohada yagona huquqiy bazani yaratishni, kreativ sohalarni aniq belgilashni hamda ularning YaIMdagi ulushini oshirish va hisoblab borishni talab etadi.

Muhokama qilingan qonun bilan respublikada kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilgan. Unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida 15 ta yo‘nalish belgilanmoqda.

Hujjat bilan kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilish mexanizmi, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilishi, ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun asosida kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xususan, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, art-rezidensiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar yaratilishi hamda kreativ industriyalar parkining vazifalari belgilanyapti. Shu bilan birga, ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilishi nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan kreativ industriyalarining respublika iqtisodiyotiga hissasini aniqlash maqsadida statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olish, madaniy merosni asrash belgilanmoqda.

“Aytib o‘tish kerakki, kreativ iqtisodiyotning roli global miqyosida ham juda katta. Chunki iqtisodiy taraqqiyotimiz, aholini ish bilan ta’minlash shu bilan bevosita bog‘liq.  

Davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, innovatsion rivojlanishida ham kreativ iqtisodiyot juda katta o‘rin tutadi. Ushbu sohani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganligi esa – davr talabi. Shuning uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. 

Xalqaro miqyosda ushbu yo‘nalishga oid tashabbuslar ilgari surilmoqda. 2-4 oktyabr kunlari poytaxtimiz IV Butunjahon kreativ iqtisodiyot anjumaniga mezbonlik qiladi. Anjuman yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda 2030 yilgacha kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni 2025 – 2026 yillarda amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Shuning o‘zi ushbu sohaga qaratilayotgan e’tibor naqadar kuchli ekanligidan dalolat beradi. Va, ayni paytda, bu boradagi intilish va natijalarimiz xalqaro darajada e’tirof etilayotganini ham bildiradi. 

Qonunda kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish masalasi o‘rin olgan. Bunda, eng muhim masala – sohani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari belgilab berilayotgani – hammasi istiqbolda uni tizimli rivojlantirish va yanada kengaytirish imkonini beradi.

E’tibor berilsa, kreativ iqtisodiyot sohalari etib belgilangan 15 ta yo‘nalishning har biri bo‘yicha bizda fundament, salohiyat yetarli darajada. Aholi, ayniqsa, yoshlarimizda ijodga kiziqish, kreativ g‘oyalarga ishtiyoq, qiziqish kuchli. 

Endi mas’ul vazirlik, idoralar, tuzilmalar tegishli sohalarda kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rib borishlari kerak bo‘ladi. Avvalo, ushbu sohani hududlarda rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarur. Mahalliy ijro organlari bu bo‘yicha qattiq ishlashi kerak bo‘ladi. 

Ushbu chora-tadbirlarning amaliyotga qanday tatbiq qilinayotganligini doim parlament nazorati tartibida ko‘rib, amaliy yordam berib borishimiz kerak. Albatta, buning uchun qonun targ‘ibotiga jiddiy yondashgan holda, barcha vositalar orqali kreativ iqtisodiyotning mazmun-mohiyati, imkoniyat va afzalliklarini aholi, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish lozim”, deya ta’kidlab o‘tdi qonun muhokamasida Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: