La Liga. 8-tur
«Atletiko» — «Real» 1:1
Gollar: Korrea (90+5) — Militao (64).
«Atletiko» – Oblak, Reynildu (Galan, 75), Ximenes, Le Norman, Molina (Koke, 46), Alvares (Rikelme, 75), Gallaher (Korrea, 70), Lorente, De Paul, Syorlot (Lino, 56), Grizmann.
«Real» – Kurtua, Mendi, Militao, Ryudiger, Karvaxal, Bellinghem, Chuameni, Modrich (Vaskes, 86), Valverde, Vinisius Junior (Endrik, 87), Rodrigo (Fran Garsiya, 90).
Ogohlantirishlar: Modrich (40), Le Norman (63), Gallaher (70), Alvares (75).
Chetlatish: Lorente (90+8).
Turning asosiy o‘yini — «Atletiko» va «Real» o‘rtasida edi. Anchelotti jamoasi la liganing o‘tgan mavsumidagi yagona mag‘lubiyatini aynan «Sivitas Metropolitano»da qabul qilib olgandi. Va bu safargi o‘yinga «Real» uch haftaga safdan chiqqan markaziy hujumchisi Mbappesiz tashrif buyurdi.
Bunday vaziyatda amaldagi chempionlar derbi arafasida sxemani o‘zgartirishiga to‘g‘ri keldi. Kutilganidek, «Real» shunchaki bazaviy ishlanmalarga qaytdi — bu o‘tgan mavsumda muvaffaqiyat keltirgandi. Gap Vinisius va Rodrigo oldinda joylashadigan 4-4-2 haqida bormoqda. O‘z navbatida, «Atletiko» ham himoyalanganda 4-4-2 bo‘yicha joylashdi — Grizmann va Syorlot oldinda qolishdi, Alvares esa himoyalanishda chap qanotga o‘tdi. Ayrim holatlarda hatto himoya chizig‘ining beshinchi vakiliga aylandi.
Birinchi bo‘lim voqealarga boy bo‘lmadi. Kutilganidek, «Atletiko» muxlislari Vinisiusga tinimsiz hushtakbozlik qilishdi. Umuman, so‘nggi vaqtlarda Madrid derbisi arafasida aynan ushbu braziliyalik futbolchi asosiy mavzu bo‘lmoqda: «Atletiko» fanatlari u haqda qanday haqoratomuz qo‘shiq kuylashadi? Qayergadir uning tulumini osishmaydimi? «Santiyago Bernabeu»da uni qo‘llab qanday aksiya o‘tkaziladi? U «Metropolitano»da gol urgan taqdirda raqsga tushadimi?
Vini bu o‘yinda maydonga tushmasligi ham mumkin edi, u o‘tgan turda ikkinchi sariqni olishga mos harakatlar qilgandi. Hatto Karlo Anchelotti o‘z yulduzi bilan alohida suhbat o‘tkazib, hech narsaga chalg‘imaslikni so‘radi, qolgan futbolchilarga ham hakam bilan bahslashmaslik ko‘rsatma qilindi. «Alaves»ga qarshi o‘yinda bunday epizodlar haddan tashqari ko‘p bo‘lgan va e’tiborni bu o‘yinga qaratishga xalal bergandi.
Braziliyalik doimgidek maydondagi eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi, jarima zarbalari ishladi, ayrim holatlarda hech qanday jiddiy ta’sirsiz ham gazonga yiqilishdan tortinmadi. 30 yoshli hakam Mateo Buskets Ferrer bu darajadagi o‘yinga ilk bor tayinlanishi edi (u faqat o‘tgan mavsumdan la liga o‘yinlarini boshqara boshlagan), ammo bunday epizodlarni to‘g‘ri baholadi.
Tanaffusga qadar jamoalar u qadar ko‘p xavfli vaziyatlar yaratishmadi. Valverde bir necha bor uzoq masofalardan zarbalar yo‘lladi — o‘yindan ham, Vinisius ishlagan jarima nuqtasidan ham. Ammo bu Oblakni hayron qoldira olmadi, sloveniyalik posbon vaziyatlardan birida jarima maydoni ichida Vinisiusni aldab o‘tishga ham o‘zida jur’at topdi. Mezbonlarda eng xavfli vaziyat Alvaresda yuzaga keldi, uning o‘tkir burchakdan yo‘llagan zarbasini Kurtua bartaraf etdi.
Syorlot esa bir necha bor golli vaziyatda turgan sheriklariga to‘p uzatmadi, ikkinchi bo‘lim boshida Simeone uni Linoga almashtirib yubordi, jamoa besh himoyachidan iborat sxemaga o‘tdi va gol o‘tkazib yubordi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlar standart vaziyatlarga e’tibor qaratdi. Birinchi vaziyatda burchak zarbasidan keyin Rodrigo tepgan to‘p to‘sindan biroz yuqoridan o‘tib ketdi. Keyin Vinisius navbatdagi marta jarima zarbasi ishladi, Modrich to‘pni tezda o‘yinga kiritib yubordi, chap qanotda Vinisius De Paulni aldab o‘tdi va jarima maydonida yolg‘iz qoldirilgan Militaoni to‘p bilan ta’minladi, u esa yaqin masofadan kuchli zarba yo‘lladi, Oblak zarbani to‘sishi ham mumkin edi, ammo to‘p yo‘l-yo‘lakay Lorentega tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi.
Bir necha daqiqa o‘tib futbolni bir chetga surib turishga to‘g‘ri keldi. Gap shundaki, Kurtua golni nishonlay turib, qo‘llarini «Atletiko» fanatlari tomon silkitdi.
U bu orqali sobiq jamoasi muxlislarining o‘ziga nisbatan hurmatsizligiga javob qaytargandi. O‘yindan oldin «Atletiko» shon-shuhrat xiyobonida belgiyalik darvozabon uchun o‘rnatilgan tablichka ustiga chiqindi tashlab ketilgandi. Qilig‘idan keyin muxlislar unga qarata yondirgich uloqtirishdi, u esa bu buyumni bosh hakamga topshirdi.
Kurtua ishini davom ettirdi va zarbani qaytarishga chog‘landi, shu vaqtda unga qarata yana turli buyumlar uloqtirildi.
Arbitr o‘yinni to‘xtatdi, mezbonlarning faxriy futbolchilari Koke, Ximenes va hatto Simeone fanatlarni (ularning bir qismi balaklava kiyib olgandi) tinchlantirish uchun borishdi.
Vaziyat yanada qizg‘in tus olishi mumkin edi, Vinisius ham fanatlar bilan gaplashish uchun otlandi, ammo uni Ryudiger to‘xtatib, boshqa tomonga olib ketdi. Hakam jamoalarni maydondan olib chiqib ketdi va majburiy tanaffus 20 daqiqaga cho‘zildi, bu esa o‘yin sur’atiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.
«Real» hisobda oldinda borayotganiga qaramay, raqibidan kam hujum qilmadi. Aytish mumkinki, «Atletiko»da derbiga tayyorlanish uchun ikki kun kamroq vaqt bo‘lgandi. Shunga qaramay, Linoda hisobni tenglashtirish uchun yaxshi vaziyat bo‘ldi, ammo Kurtua yaqin to‘qqizlikka yo‘llangan zarbani to‘sdi.
Shundan keyin qaymoqranglilar o‘yinni quritishga kirishdi. Ammo bu safar bu ish bermadi. «Real» ancha barvaqt hisob uchun o‘ynashni boshlab yubordi. Almashtirishlar ancha erta amalga oshirildi, Endrik esa ajoyib qarshi hujumda ikki qanotdagi sheriklarini inkor qilib zarba berdi, ammo bu safar — YeChL doirasida «Shtutgart»ga qarshi o‘yinda bo‘lganidan farqli o‘laroq, to‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi.
Hakam o‘yinga sakkiz daqiqa qo‘shib berdi va bu daqiqalar butun uchrashuvning voqealarga eng boy qismi bo‘ldi. 90+5-daqiqada «Atletiko» hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Galan ancha ichkaridan uzatma berdi, «matraschilar» jokeri Korrea darvozabonni aldab o‘tib, himoyachi bosimiga qaramay, bir amallab to‘pni darvozaga kiritdi, avvaliga ofsayd holati qayd etildi, videotakrordan keyin Ryudigerning tizzasi raqibining tanasidan oldinroqda bo‘lgani oydinlashdi. Bu gol «Real» uchun ham, Anchelotti uchun ham va Endrik uchun ham saboq bo‘ldi.
Keyin esa VAR yana bir bor vaziyatga aralashib, Lorente qanotda Fran Garsiyaning oyog‘iga butsasining ostki qismi bilan zarba berganini ko‘rsatdi, hakam esa sariqni qizil kartochkaga almashtirdi.
So‘nggi soniyalarda Tchuameni to‘pga bosh bilan o‘ynashga urinib, Le Normanga zarba berib yubordi va gazonda og‘riqdan qiynalib yotdi. Shu bilan uchrashuv yakunlandi. «Real» ikki ochko yo‘qotdi, ammo mag‘lubiyatsiz seriyasini 40 o‘yinga yetkazdi (28 g‘alaba, 12 durang). La ligada bu borada bundan yaxshiroq seriyani (43 o‘yin) 2017-2018 yillar mavsumida «Barselona» qayd etgan.
Chempionatning bu mavsumida faqat «Real» va «Atletiko» hozircha mag‘lubiyatsiz davom etmoqda, «Barselona» sakkizinchi turga kelib ilk bor ochko yo‘qotdi va yutqazdi, ammo peshqadamlikni saqlab qoldi. «Real» bilan oradagi farq – uch ochko.
«Real»ni oldinda quyidagi o‘yinlar kutmoqda: «Lill» (safar), «Vilyarreal» (uyda), «Selta» (safar), «Borussiya» Dortmund (uyd) va 26 oktyabr kuni uyda «Barselona»ga qarshi klasiko.
«Atletiko» «Benfika» (safarda), «Sosedad» (safarda), «Leganes» va «Lill» (ikkisi uyda) bilan o‘ynaydi.
«Tottenhem» ko‘pchilik bo‘lib o‘ynab, «MYu»ni yakson etdi. Ten Hag iste’fosi haqidagi gaplar yana avj oldi
APL, 6-tur
«Manchester Yunayted» — «Tottenhem» 0:3
Gollar: Jonson (3), Kulusevski (47), Solanke (77).
«Manchester Yunayted» – Onana, Dalot, Martines, de Ligt, Mazraviy, Ugarte (Eriksen, 73), Maynu (Maunt, 45), Fernandesh, Reshford (Hoylund, 73), Garnacho, Zirkze (Kazemiro, 46).
«Tottenhem» – Vikario, Udoji (Spens, 46), van de Ven (Dregushin, 81), Romero, Porro, Meddison (Sarr, 77), Bentankur, Kulusevski, Verner (Bergvall, 77), Solanke, Jonson (Mur, 76).
Ogohlantirishlar: Mazraviy (34), Dalot (39), Jonson (45+1), Maunt (45+4), Spens (54), Martines (55), Ugarte (65), Porro (73).
Chetlatish: Fernandesh (42).
«MYu» va «Tottenhem» o‘rtasidagi o‘yinlar kamdan kam hollarda zerikarli va golsiz bo‘ladi. Ular o‘rtasidagi 0:0 hisobi oxirgi bor 2014 yilda qayd etilgandi. O‘shanda poytaxt klubini Maurisio Pochettino boshqarar, mankunianliklar rulida Lui van Gaal edi.
Shundan buyon ko‘p narsa o‘zgardi, jumladan ikki jamoada bosh murabbiylar ham. Va ikki jamoa ham mavsum startini yaxshi boshlay olmadi. «MYu» va «Tottenhem» o‘zaro uchrashuvgacha 5 turda 7 tadan ochko jamg‘arib, turnir jadvalining o‘rta qismida joylashgandi, asosiy uchlikdan ancha ortda qolishgandi.
Ammo Ange Posteko‘g‘li rahbariyat ishonchiga ega bo‘lsa, Erik ten Hagning jamoadagi taqdiri anchadan buyon qil ustida turibdi. Shu kunlarda Daily Mail allaqachon uning o‘rniga boshqa mutaxassis qidirilayotgani haqida yozdi. Ingliz jurnalistlariga ko‘ra, bu o‘yin niderlandiyalik uchun hayot-mamot o‘yini bo‘lishi lozim edi.
«Shporlar» o‘yinni xuddi «Old Trafford» o‘z stadionidek boshladi va bir necha tezkor hujumlar uyushtirdi. Ulardan biri esa gol bilan yakunlandi. Tasvirlarga qaraganda bu juda oson urilgandek ko‘rinadi.
Himoyachi van de Ven katta tezlikda to‘p bilan 50 metrdan ortiq masofaga yugurib, maydonning ikkinchi qismidan raqib jarima maydonigacha bordi va narigi qanotdagi Jonsonni to‘p bilan ta’minladi — u faqat to‘pga oyoq qo‘yishi qolgandi. Bu vaqtda Dalot kimni qo‘riqlagani tushunarsiz.
«Tottenhem» shundan keyin hujumkor o‘ynashda davom etdi. Mankunianliklar anchagacha uyg‘ona olmadi. Dastlabki 15 daqiqalikda ular umuman maydonning ikkinchi yarmidan o‘ta olishmadi. Birinchi xavfli vaziyat faqat bo‘lim o‘rtalariga kelib yuzaga keldi — ammo Zirkzening zarbasi o‘xshamadi.
«Tottenhem»da esa barchasi o‘xshadi. Jonson dublga erishishi mumkin edi, ammo uning zarbasi ustunga tegdi, Romeroning «qaychi» uslubidagi zarbasi gol bo‘lishiga bir baxya qoldi. Verner darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Mezbonlar yana bir necha xavfli hujumlarni sariq kartochkalar evaziga to‘xtatishdi.
Operatorlar tez-tez ten Hagni namoyish etib turishdi, u yoki o‘ylangancha maydon chetida turar yoki umidsiz holatda Rud van Nistelroy bilan nimanidir muhokama qilardi.
«MYu» safidagi yagona yorqin futbolchi reaktiv tezlikka ega Garnacho bo‘ldi. Argentinalik vinger o‘ng qanotda tez-tez oldinga o‘tdi va gol urishga ham yaqin keldi. Uning havodagi to‘pga bergan zarbasidan keyin mehmonlarni ustun qutqarib qoldi. Ammo uning yolg‘iz o‘zi jamoani oldinga boshlay olmasdi. Keyin esa bahsli epizod yuzaga keldi — «MYu» sardori Brunu Fernandeshga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatildi. Klubdagi 242 o‘yinida birinchi marta.
Fernandesh zarurati yo‘q joyda Meddisonning oyoqlariga tashlandi. Portugaliyalik futbolchining harakati agressiv ko‘rinsada, zarba qattiq emasdi. VAR Kris Kavanani monitorga chaqirmadi va qaror o‘z kuchida qoldi. Sardorlik bog‘ichi Lisandro Martinesga o‘tdi. Ten Hag Maynu o‘rniga Mauntni tushiri. Keyin jamoalar tanaffusga yo‘l olishdi.
Ikkinchi bo‘lim ham birinchisi kabi boshlandi — «Tottenhem»ning tezkor goli bilan. Faqat bu safar assistent vazifasini Jonson bajardi. Uelslik futbolchi jarima maydoniga yorib kirdi va qulay vaziyatdagi Kulushevskini to‘p bilan ta’minladi, shvetsiyalik futbolchi osonlik bilan Onanani dog‘da qoldirdi.
Mankunianliklar bir kishi kam va ikki to‘p farqi bilan ortda borayotganiga qaramay hujumga o‘tishdi va bir necha xavfli vaziyatlar yaratishdi. Yana Garnacho ajralib turdi. Kazemironing yaqin masofadan yo‘llagan zarbasi ham xavfli chiqdi. Qolaversa, to‘p raqib qo‘liga tekkan holatlarda mehmonlar darvozasiga penalti qo‘yilmadi.
77-daqiqada «Tottenhem» uchinchi golni urdi va o‘yin masalasini hal qildi. To‘p burchakdan oshirilganida Sarr Kazemiro bilan kurashda ustun keldi va uning uzatmasidan keyin Solanke ikki metr masofada turib to‘pni darvoza to‘riga kiritib yubordi. «MYu»ning muammolari shu bilan tugamadi va Maunt navbatdagi marta jarohat oldi. Maydon markazidagi asosiy futbolchilaridan ayrilgan va turnir jadvalida 12-o‘ringa tushib ketgan jamoani keyingi turda «Aston Villa» maydoniga safar kutmoqda. Niderlandiyalik mutaxassisning klubdagi umri tugamoqda.