Komil Allamjonov Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimidan ozod etildi

O‘zbekiston 18:49 / 30.09.2024 21340

O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan, Komil Ismoilovich Allamjonov Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari lavozimidan ozod etildi. Prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov u «boshqa ishga o‘tayotgani»ni xabar qilgan.

«Komil Allamjonov yurtimizda so‘z erkinligini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash va xalq ta’limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha Prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda katta natijalarga erishdi.

Komil Ismoilovich bilan yaqindan ishlagan ko‘p sonli hamkasblarimiz qatorida uning kasbiy mahoratini yuksak baholab, kelgusidagi faoliyatida ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilab qolaman», deyilgan xabarda.

Komil Allamjonov 1984 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006 yili O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini, 2010 yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2005–2013 yillarda Soliq qo‘mitasida ishlagan.

Komil Allamjonov 2017 yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati rahbari bo‘lgan, 2018 yil noyabrida O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligiga rahbar bo‘lgan (2019 yil fevralidan bu tashkilot Prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi sifatida qayta tashkil etilgandi).

U 2020 yil yanvar oyida Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondi vasiylik kengashi raisi sifatida ish boshlagan, 2022 yil iyulida prezident administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar bo‘lgandi.

2023 yil avgustidan buyon Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari lavozimida ishlayotgandi.

Ko‘proq yangiliklar: