Italiya va Shveytsariya muzliklar erishi tufayli chegaralarini o‘zgartirdi

Jahon 21:20 / 30.09.2024 2891

Shveytsariya va Italiya muzliklar erishi tufayli Alpdagi chegaralarini qayta ko‘rib chiqdi. O‘zgarishlar Tsermatta hamda Valle-d’Aosta viloyatlari chegarasidan o‘tgan Yevropadagi eng baland cho‘qqilardan biri hisoblanuvchi Matterxorn tog‘i atrofidagi hududga taalluqli, deb xabar beradi Bloomberg.

Chegarani qayta ko‘rib chiqish Matterxorn tog‘i yonbag‘rida joylashgan mashhur Tsermatt tog‘-chang‘i kurortiga ta’sir ko‘rsatdi. Turistlar va chang‘ichilar oldingidek Shveytsariya va Italiya chegarasini bemalol kesib o‘tishi mumkin, ammo chegaraning o‘zi ikki davlatning iqtisodiy manfaatlaridan kelib chiqib Testa Grijia, Plato Roza va Gobba di Rollen tog‘lari yonida o‘zgargan.

Shveytsariyada muzliklar jadallik bilan erishni davom etmoqda. The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda ular o‘z hajmining 4 foizini yo‘qotgan. 2022 yilda esa ularning 6 foizi erib ketgandi. Olimlar ayrim Shveytsariya cho‘qqilaridagi muzlarni o‘lchashni to‘xtatgan, chunki ular deyarli qolmagan.

Yevropa muzliklari boshqa qit’alardagidan tezroq erimoqda. Copernicus xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi ikki yilda ular 10 foizga qisqargan, 2050 yilga borib haroratning isishi 2 daraja Tselsiydan oshmasa ham muz qoplami yarmiga kamayadi.

Avvalroq Alpdagi eng yirik Marmolada muzligi o‘rtacha haroratning oshishi tufayli 2040 yilga borib butunlay yo‘qolib ketishi mumkinligi ma’lum bo‘lgandi. So‘nggi besh yilda muzlik maydoni 70 gektarga qisqargan — bu 98 ta futbol maydoniga teng. Marmoladada 2022 yilda muz ko‘chishi oqibatida 11 kishi halok bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: