O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Hasan Nasrulloh o‘ldirildi
«Hizbulloh»ning tarixdagi uchinchi bosh kotibi, 1992 yildan buyon Livan shialarining jangovar harakatiga rahbarlik qilib kelgan Hasan Nasrulloh o‘ldirildi.
Isroil dronlar va aviaraketalar yordamida Livan poytaxti Bayrut shahrining janubiy qismida joylashgan va yerosti bunkerida «Hizbulloh» yetakchilari yashiringan turar joy binolariga zarba berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, «Hizbulloh» yetakchisining ayni shu daqiqalarda ayni shu yerda bo‘lishi haqida Isroil razvedkasiga Eron islom inqilobi muhofizlari korpusi safidagi sotqin ma’lumot yetkazgan.
Isroil tomoni «Hizbulloh» yetakchisini yo‘q qilishga qaror qilganiga sabab u Isroil bilan keng ko‘lamli urush olib borish uchun 200 ming raketa, snaryad va dronlardan iborat ulkan arsenal jamg‘argan, degan CNN telekanaliga TsAHAL vakili Peter Lerner. U Isroil qo‘shinlarining asosiy maqsadi — mamlakat shimolida xavfsizlikni tiklashdan iborat ekanligini aytib o‘tgan.
Hasan Nasrullohning o‘ldirilishi munosabati bilan Eron, Iroq, Livan kabi davlatlarda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi. G‘azablangan olomon AQSh va Isroilga o‘lim tilashdi.
Yakshanba kuni «Hizbulloh» yetakchisining jasadi vayronlar ostidan chiqarib olindi. 64 yoshli Sayyid Hasan Nasrullohning tanasida birorta jarohat izi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Demak u zarba to‘lqinidan vafot etgan bo‘lishi ehtimoli yuqori, deb xabar beradi Reuters agentligi.
Hasan Nasrulloh va u bilan birga harakatning yana bir necha rahbarlari o‘ldirilgach, «Hizbulloh»ga Sayyid Hoshim Safiuddin rahbar bo‘lishi xabar qilinmoqda.
«Hizbulloh» rahbari o‘limiga reaksiyalar
«Hizbulloh» rahbarining o‘ldirilishi jahonda turli reaksiyalar keltirib chiqardi. Eron bu hujum BMTda qoralanishini talab qildi.
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon AQSh va boshqa Yevropa davlatlarining «HAMAS» siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning Tehronda o‘ldirilishiga javoban Eron qarshi harakatlar amalga oshirmaslik evaziga o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi va’dalari yolg‘on bo‘lib chiqqanini ta’kidladi.
Livan ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Eron prezidenti vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Isroil «Hizbulloh» harakati yetakchisi Hasan Nasrullohni o‘ldirib, yana bir bor hech qanday xalqaro me’yorlarga amal qilmasligini namoyish etganini qayd etgan.
«Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, qarshilik harakatlari ularning yetakchilari o‘ldirilishi bilan tugab qolmaydi. Chunki albatta bayroqni ko‘tarib, yo‘lni davom ettiruvchilar doim topiladi»,— degan Pizishkiyon.
Eronga oid yana bir xabar: Eronda Islom inqilobi muhofizlari korpusining yuqori martabali xodimlari va Yaman husiychilari bo‘lgan vertolyot halokatga uchragan.
Bu haqda eronlik muxolifatchi jurnalist Mahyor Tusiy o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi. Hodisaning boshqa tafsilotlari yoki uning rasmiy tasdig‘i yo‘q.
Vertolyot kuchli tuman va yomon ob-havo sharoiti tufayli qidiruv ishlari uchun qiyin bo‘lgan Dizmar tumanining tog‘li o‘rmonli hududiga qulagani aytilmoqda.
«Vertolyot sahnida Eronning yuqori martabali rahbarlari va Erondagi husiychilarni muvofiqlashtirish boshlig‘i Muhammad Abdussalom bo‘lgan», deb xabar bermoqda ayrim manbalar.
Eslatib o‘tamiz, bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Isroilning Livanga hujumi
«Hizbulloh» rahbarining o‘ldirilishi bilan Isroil tinchib qolgani yo‘q. 29 sentabr kuni ertalab Isroil harbiy havo kuchlari Livanning janubi va sharqidagi ko‘plab aholi punktlariga havodan yopirilma zarbalar berishda davom etgan. Shuningdek, poytaxt Bayrutning Dahiya mavzesi, Sur shahri va yana bir nechta hududlarga qarata o‘t ochilgan.
Isroil zarbalari natijasida binolar vayron qilingan, yong‘inlar kelib chiqqan.
Livanning NNA axborot agentligi zarbalar natijasida birgina Sur shahrida kamida 4 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilmoqda. Shuningdek, Sayda, Baalbek shaharlariga ham bombalar yog‘dirilgan.
Livanning bosh vaziri Najib Miyqotiyning ma’lum qilishicha, Isroil aviazarbalari tufayli o‘z turar joylarini tashlab chiqqan livanliklar soni millionga yaqinlashgan. Uning ma’lum qilishicha, Livan tarixidagi eng yirik migratsiya to‘lqini kuzatilmoqda.
Isroil harbiy havo kuchlari samolyotlari Yamanga ham hujum qilgan. Husiychilar nazorati ostidagi Hudayda va Ras Isso shaharlarida «Ansorulloh» harakatining yoqilg‘i, energetika va port infratuzilmalariga zarbalar berilgan.
Harbiylarning xabar qilishlaricha, ushbu obektlardan Erondan qurol-yarog‘ keltirish uchun foydalanilgan va husiychilarning eng asosiy daromad manbayi bo‘lib xizmat qilgan.
Husiychilar rasmiy bayonotda bu zarba javobsiz qolmasligi, tez kunlarda Isroilga qarshi yangi operatsiyalar o‘tkazilishi, jumladan, Tel-Aviv va Ashdodga qarata zarbalar berilishini ma’lum qilishgan.
Falastindagi vaziyat
Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda hibsga olingan falastinliklar soni 11 mingdan oshdi.
Isroil armiyasi 2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azodagi xunrezliklarga qarshi chiqqan G‘arbiy sohildagi falastinliklarni ta’qib qilib, qamoqqa olib kelmoqda.
Falastin ozodlik tashkilotining mahbuslar va ozod etilganlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Falastin mahbuslari jamiyatining qo‘shma bayonotida aytilishicha, Isroilning G‘arbiy sohilda yashayotgan falastinliklarning uylariga qilayotgan reydlari «misli ko‘rilmagan» tarzda davom etmoqda.
O‘tgan sutka avomida o‘tkazilgan reydlarda okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohilning turli shaharlari va qishloqlarida kamida 40 nafar falastinliklar hibsga olingan. Ularning orasida bir nafar ayol, bir nafar yosh bola va sobiq mahbuslar ham bor.
Okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda 2023 yilning 7 oktyabridan buyon 719 nafar falastinlik Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgan. Ularning 160 nafari yosh bolalar. Yaradorlar soni 6200 dan oshgan.
Avstriyadagi parlament saylovlari
Yevropaning yana bir davlatida rossiyaparast kuchlar parlament saylovlarida g‘olib chiqmoqda.
Avstriyada ultrato‘ng ozodlik partiyasi — FPÖ saylovlarda yetakchilik qilmoqda. Dastlabki norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, FPÖ saylovchilarning 29,1 foiz ovozini jamg‘arib, birinchi o‘rinda bormoqda.
Mazkur partiya Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishni yoqlab keladi.
ORF telekanali tomonidan e’lon qilingan ekzit poll natijalariga ko‘ra, ovozlarning 40 foizi sanab chiqilgan, saylovda davomat 78,1 foizni tashkil etgan.
FPÖ ultrao‘ng partiyasi saylov sanasi e’lon qilinganidan buyon jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda yetakchilik qilib keladi.
Hukumatning asosiy hamkori o‘ng markazchi Avstriya xalq partiyasi 26,3 foiz ovoz to‘plab, ikkinchi o‘rinni, sotsial demokratik partiyasi esa 20,6 foiz ovoz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Ukrainaning Rossiyaga zarbasi
Ukraina harbiylari 29 sentabr, yakshanbaga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasining Volgograd oblasti Kotluban posyolkasida Rossiya Qurolli kuchlarining «raketa va artilleriya qurollarini saqlash va modernizatsiya qilish arsenali» nishonga olinganini ma’lum qildi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 120 ta kamikadze-dron ishlatilgan.
«Ombor hududida raketalarning yonishi va portlashi davom etmoqda», — deya xabar bergan Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi o‘zining Telegram-kanalida.
Postda ta’kidlanishicha, obekt kuchli radioelektron kurash va havo hujumidan mudofaa qoplamiga ega bo‘lgan, biroq Ukraina Qurolli kuchlari jangovar topshiriqni muvaffaqiyatli bajargan.
Operatsiya Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi va Ukraina Xavfsizlik xizmati bo‘linmalari bilan hamkorlikda o‘tkazildi, deyiladi Bosh shtab xabarida. Ukraina harbiylariga ko‘ra, bir kun avval omborga Eron raketalari bo‘lgan poyezd kelgan.
Ayrim nashrlar sun’iy yo‘ldoshdan olingan so‘nggi suratlarni tahlil qilib, Ukraina qurolli kuchlari Kotlubandagi o‘q-dorilar omboriga zarba bera olmagani haqida xabar berdi. Bosh raketa va artilleriya boshqarmasi arsenali yaqinida yong‘in chiqqani, biroq yong‘in o‘q-dorilar ombori hududiga o‘tmaganini ko‘rish mumkin, deya ta’kidlaydi nashrlar.
Rossiyada migrantlarga qarshi qonunlar
Rossiya Davlat dumasi 1 oktyabrdan migratsiya siyosatini kuchaytiradigan beshta qonun loyihasini ko‘rib chiqishni boshlaydi. Bu haqda duma spikeri Vyacheslav Volodin o‘zining Telegram-kanali orqali ma’lum qildi.
Hujjatlar bilan quyidagilar taklif etilmoqda:
- Rossiya hududida noqonuniy yurgan migrant jinoyat sodir etsa, uni og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblash;
- noqonuniy migratsiyani tashkil qilishni o‘ta og‘ir jinoyat deb e’tirof etish;
- hujjatlarni qalbakilashtirish va xorijliklarni yolg‘ondan ro‘yxatga olish uchun javobgarlikni kuchaytirish choralarini joriy etish;
- migrantlarga noqonuniy xizmatlar taklif etuvchi veb-saytlarni sud ruxsatisiz ham bloklashni tashkil etish;
- «vositachi tashkilotlar»ga migrantlardan imtihon olishni taqiqlash.
Volodinning qayd etishicha, tashabbuslar parlamentariylarning saylovchilar bilan muloqoti natijasida shakllantirilgan. Deputatlarning aksariyati ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Rossiya hukumati oxirgi oylarda Markaziy Osiyo davlatlaridan kirib kelayotgan migrantlar oqimiga qarshi faol kurashmoqda. RF Davlat dumasi bahorgi sessiyada Rossiya fuqaroligini olishni qiyinlashtiradigan bir qator qonunlarni qabul qilgan edi. Politsiya esa migrantlar yashaydigan joylarda muntazam reydlar o‘tkazib, fuqarolikni olganlarni urushga yubormoqda.