Fransiyada Marin Le Pen ustidan sud boshlandi

Jahon 20:47 / 30.09.2024 2205

Parij jinoiy sudida 30 sentabr kuni Marin Le Pen boshchiligidagi Fransiya «Milliy birdamlik» partiyasi yetakchilari ustidan sud jarayoni boshlandi.

Siyosatchilar Yevropa Ittifoqi mablag‘larini talon-toroj qilish va Yevroparlament deputatlari assistentlarini fiktiv yollash orqali partiyani yashirin moliyalashtirishda ayblanmoqda. Mazkur ayblov bo‘yicha maksimal jazo — 10 yil muddatda ozodlikdan mahrum etish. Umumiy hisobda qariyb 7 million yevro zarar yetkazilgan. Ma’lum qilinishicha, Marin Le Pen ushbu mablag‘larning 330 ming yevrosini Yevroparlamentga qaytarib bo‘lgan.

Agar Marin Le Penning aybi isbotlansa, u 2027 yilda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovlariga o‘z nomzodini ilgari sura olmaydi.

Ayblovga ko‘ra, «Milliy birdamlik»dan Yevroparlament deputatlari yordamchiligi lavozimlariga joylashtirilgan shaxslar aslida YeIdagi o‘z vakillariga emas, balki Le Penning shaxsan o‘zi yoki uning partiyasiga ishlagan. «Yordamchilar»dan biri Terri Legle qariyb 20 yil davomida partiya asoschisi Jan-Mari Le Penning tansoqchisi bo‘lgan, keyinroq esa Marin Le Penni qo‘riqlashga o‘tgan. Shuningdek, u o‘z faoliyati to‘g‘risida kitob chop etgan bo‘lib, unda Yevroparlamentdagi lavozimi haqida hech qanaqa so‘z bormaydi.

Yevroparlament mablag‘lari talon-torojiga bog‘liq ish

2015 yilda Parij prokuraturasi «Milliy birdamlik»ning Yevroparlamentdagi vakillari noqonuniy ravishda 20 ga yaqin xodimni yollagani bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan. Prokuratura ushbu odamlar Yevroparlamentda maosh olib kelgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirgan. 2018 yilda Yevropa Ittifoqi sudi Jan-Mari Le Pen va uning sherigi Bryuno Golnish bo‘yicha shu kabi ishni ko‘rib chiqqandi. O‘shanda sud siyosatchilar Yevroparlamentga yuz minglab yevroni qaytarishi kerakligi bo‘yicha qaror chiqargan edi.

Ko‘proq yangiliklar: