Cho‘lpon-Otada O‘zbekiston-Qirg‘iziston “aql markazlari” ekspertlari kengashining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 22:33 / 30.09.2024 1531

24 sentabr kuni Cho‘lpon-Ota shahrida O‘zbekiston-Qirg‘iziston ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti vakillari, Ozarboyjon xalqaro munosabatlarni tahlil qilish markazi mutaxassislari ham qatnashdi.

Ma’lum qilinishicha, ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishining asosiy kun tartibi Prezident Sadir Japarovning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini muhokama qilish, shuningdek, yaqin kelajakda ekspertlar o‘zaro hamkorligining yangi yo‘nalishlarini izlash kabi masalalardan iborat bo‘ldi.

SMTI direktori Eldor Aripov ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy dinamikaga alohida to‘xtalgan.

Davlat rahbarlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish maqsadida 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan, poytaxtlarda savdo uylarini tashkil etish, shuningdek, eksport-import kontraktlari portfellarini shakllantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini qabul qilishdi. Shu bilan birga, SMTI vakili bugungi kunda ikki mamlakat fuqarolari o‘zaro hamkorlikning intensiv va progressiv xarakterini his qilib, undan real foyda olmoqda”, — degan Aripov.

Jumladan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasida yana ikkita – Namangan va Jalolobod viloyatlarini bog‘lovchi “Uchqo‘rg‘on-Kensay” chegara bojxona postlari (kuniga o‘rtacha 10 ming kishi, 500 dan ortiq yuk va 300 dan ortiq yengil avtomobillar harakatlanishi mumkin), shuningdek, 2010 yildan beri yopilgan Andijon va O‘sh viloyatlarini bog‘laydigan “Qorasuv-Korasuu” (kuniga o‘rtacha 12 ming kishi harakatlanishi mumkin) bojxona posti ochildi.

SMTI direktorining so‘zlariga ko‘ra, Qorasuvdagi o‘tkazish punktining ochilishi qirg‘izistonliklar uchun katta qulaylik yaratmoqda. Misol uchun, agar ilgari O‘shdan Jalolobod viloyatiga Qirg‘iziston hududidan o‘tuvchi yo‘nalish 120 km bo‘lgan bo‘lsa, endilikda O‘zbekiston hududidan tranzit o‘tish hisobiga atigi 19 kmgacha qisqartirilishi mumkin.

Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Milliy strategik tashabbuslar instituti direktori Sanjar Mukanbetov esa O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlari hozirda misli ko‘rilmagan cho‘qqida ekanini, o‘rnatilgan ittifoq, davlat rahbarlarining samimiy va ishonchli munosabatlari tufayli erishilgan yutuqlarni asrab-avaylash va yanada oshirish nihoyatda muhimligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Qirg‘iziston Ekspertlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi Memorandum joriy yilning 30 iyulida imzolangan. Kengashning tashkil etilishi 18-19 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Qirg‘iziston sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ekspertlar tomonidan amaliy qo‘llab-quvvatlanishining muhim mexanizmiga aylandi.

Ko‘proq yangiliklar: