O‘qituvchilar bilan muloqot qilgan prezident, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari uchun mukofotlar, Markaziy Osiyoning o‘zgarayotgan iqlimi va Xitoyga temiryo‘l qurilishi boshlanish sanasi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezident o‘qituvchilar bilan muloqot qildi
Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev respublikamizning ta’lim-tarbiya sohasi vakillari bilan muloqot o‘tkazdi.
Muloqot avvalida alohida o‘rnak ko‘rsatgan ta’lim sohasi xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident mamlakatimizning barcha ta’lim-tarbiya xodimlarini O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etib, davlat mukofotlarini o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.
«Vatan va xalq manfaati uchun mardonavor kurashadigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, bilimli va bunyodkor avlodni kim tarbiyalaydi? Albatta, sizlar – zahmatkash va jonkuyar ustozlar.
Buning uchun avvalo o‘qituvchining o‘zi huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli ta’minlangan bo‘lishi kerak.
Shundagina u o‘zining chinakam insoniy va kasbiy fazilatlarini amalda namoyon qila oladi», dedi prezident.
Ta’lim sohasida qilinadigan islohotlarga to‘xtalar ekan, «bundan buyon ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish uchun ishni 7 ta yo‘nalishda tashkil etamiz», — dedi prezident.
Muallimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib rag‘batlantirish, albatta, davom ettirilishi ta’kidlandi.
Kelgusi o‘quv yilidan xalqaro standartlar asosida malaka sertifikatini berish yo‘lga qo‘yiladi. Sinovlarda 86 va undan yuqori ball olgan pedagoglar qo‘shimcha 70 foiz ustama oladi.
Misol uchun, oliy toifali biologiya o‘qituvchisi o‘z fani bo‘yicha xalqaro sertifikati bo‘lsa – 50 foiz, direktor jamg‘armasidan 40 foizgacha va yangi talabga javob bersa yana 70 foiz ustama oladi. Shu tariqa o‘qituvchining umumiy oylik maoshi 4 million 500 ming so‘mdan 12 million so‘mga yetadi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi har yili sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriy va dam olish maskanlariga yuboriladigan o‘qituvchilar sonini 2 barobar oshirishi ta’kidlab o‘tildi.
Maktablar va ularning ta’minoti
O‘zbekistonda aholi o‘sishi tufayli yiliga maktablarda – 120 mingta, bog‘chalarda – 30 mingta qo‘shimcha o‘ringa talab yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Kelgusi yili budjetdan ajratiladigan 3 trln 200 mlrd so‘m hisobidan 375 ta maktab va 97 ta bog‘cha rekonstruksiya qilinadi va yangilari barpo etiladi.
Bundan tashqari Islom taraqqiyoti banki va OPeK jamg‘armasining 50 million dollar mablag‘i doirasida kelgusi 4 yilda 200 ta xususiy bog‘cha qurilib, yangi 30 mingta o‘rin yaratiladi.
Yangi yildan boshlab xususiy sektorda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirish uchun maktab ochadigan tadbirkorlarga 20 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, yangi quriladigan xususiy maktab binolari uchun kommunal xarajatlarning 50 foizi 5 yil muddatgacha budjetdan to‘lab beriladi.
Tadbirkorlar o‘z hisobidan maktab qursa, unga ketgan xarajatlar foyda solig‘idan ikki yil davomida teng ulushlarda chegirib tashlanadi.
O‘tgan 5 yilda 13 ming 500 dan ortiq kompyuter sinfxonalari 200 mingta zamonaviy kompyuter bilan ta’minlangan. Kelgusi yil yana 2 mingdan ziyod kompyuter sinflari yangilanadi, bunga budjetdan 400 milliard so‘m beriladi.
Rag‘batlantiriladigan xalqaro fan olimpiadalari soni 18 tadan 22 taga yetkaziladi.
Bunda nufuzli xalqaro olimpiadada oltin medal olgan o‘quvchiga – 170 mln so‘m, kumush medalga – 102 mln so‘m, bronza medal uchun – 68 mln so‘m mukofot puli beriladi.
Markaziy Osiyoning o‘zgarayotgan iqlimi
Boshqa mintaqalarga nisbatan havo harorati tezroq ko‘tarilayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o‘zgarishi oqibatida so‘nggi bir necha o‘n yillikda aholi jon boshiga suv ta’minoti darajasi ikki barobarga kamaydi.
Iordaniyaning Ammon News gazetasida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida nutqi asosida maqola e’lon qilindi.
«Markaziy Osiyoda havo harorati o‘rtacha jahon darajasidan tezroq ko‘tarilmoqda. Bu oziq-ovqat va energiya xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi», – deyiladi maqolada.
O‘zbekiston vaziriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatida so‘nggi bir necha o‘n yillikda Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv ta’minoti darajasi ikki barobarga kamaydi.
Orol dengizi halokati mintaqadagi barcha davlatlarning ekotizimlariga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. «Biz xalqaro donor hamjamiyatni Orolbo‘yida ushbu ofatning halokatli oqibatlarini yumshatishga qaratilgan loyihalarni kengaytirishga chaqiramiz», — degan Saidov.
Xitoyga temiryo‘l qurilishi qachon boshlanadi?
Xitoydan Qirg‘iziston orqali o‘tadigan temiryo‘lning O‘zbekistondagi qismi qachon qurilishi ma’lum bo‘ldi. Transport yo‘lagining umumiy qiymati 8 mlrd dollarga baholanmoqda, O‘zbekiston unda 225 mln dollar ulush bilan ishtirok etadi.
Yo‘lning O‘zbekistonga tegishli qismi qurilishi shu yilning oktyabr oyida boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘l koridori loyihasini amalga oshirish uchun loyiha kompaniyasi tashkil etilgan.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi 2024 yil iyun oyida Xitoyda imzolandi va keyinchalik ishtirokchi mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilindi. Temiryo‘l Xitoyning Qashg‘ar shahridan boshlanadi va Torugart, Maqmal, Jalolobod va Andijon orqali o‘tadi.