SpaceX va NASA Xalqaro kosmik stansiyaga to‘qqizinchi Crew Dragon’ni uchirdi

Jahon 00:42 / 29.09.2024 2772

NASA va SpaceX Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) to‘qqizinchi Crew Dragon missiyasini uchirdi. Ekipaj tarkibidan rossiyalik kosmonavt Aleksandr Gorbunov va amerikalik astronavt Nik Xeyg o‘rin olgan.

Start Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan kosmodromdan 28 sentabr kuni soat 01:17 da amalga oshirilgan. 

Kosmonavtlar missiya doirasida «Yerning past orbitasidan tashqarida kosmosni inson tomonidan o‘rganishga tayyorgarlik ko‘rish va insoniyatga foyda keltirish uchun» 200 dan ortiq ilmiy tajribalarni amalga oshiradi. 

Kosmik kema 29 sentabr soat 15:30 da XKS bilan tutashadi. 

Crew Dragon parvozi «Roskosmos» va NASA’ning o‘zaro hamkorligida amalga oshirilmoqda — bu boradagi bitim 2025 yilgacha amal qiladi. Dastur doirasida rossiyalik kosmonavtlarni AQShda ishlab chiqarilgan havo kemalarida, amerikalik astronavtlarni esa aksincha — rossiya raketalarida uchirish ko‘zda tutilgan. 

Mazkur missiyani amalga oshirish avgust oyiga rejalashtirilgan edi, ammo Boeingʼning Starliner ekipajini qaytarish ishlari sabab u kechiktirildi. Starliner 5 iyunda uchirildi va ertasi kuni kema XKS bilan tutashgan. Kema bortida astronavtlar Batch Uilmor va Sunita Uilyams bo‘lgan. Kema va uning ekipaji 8 kundan keyin Yerga qaytadi deb taxmin qilingan edi, biroq parvoz vaqtida dvigatel tizimida muammo yuzaga keldi. Ushbu nosozlik tufayli Starliner ekipajining Yerga qaytishi xavfli deb topildi va ular 7 sentabrga o‘tar kechasi Xalqaro kosmik stansiyadan ajralib, Yerga muvaffaqiyatli qaytdi.

Avvalroq «Roskosmos» davlat korporatsiyasining boshqariladigan «Soyuz MS-26» kosmik kemasi avtomatik ravishda Xalqaro kosmik stansiyaning «Rassvet» moduliga tutashgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Transport kemasi bortida — «Roskosmos» kosmonavtlari Aleksey Ovchinin va Ivan Vagner, shuningdek, NASA astronavti Donald Pettit bor.

Ko‘proq yangiliklar: