Rossiya prezidenti Vladimir Putin RFning yadro doktrinasiga o‘zgartirishlar kiritilishi haqida gapirdi. Unga ko‘ra, Rossiya hududiga har qanday qurol, hatto dronlar yordamida hujum qilinsa ham, bu yadroviy javob uchun asos bo‘ladi. Xo‘sh, bu qanchalik real? Tahlilchi Shuhrat Rasul Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bu boradagi o‘z fikrlari bilan bo‘lishdi.
“Sovet davridan beri Kremldagi xavfsizlik kengashi majlislari maxfiy tarzda o‘tkazilardi. Uzoq yillik bu an’ana 25 sentabr kuni buzilib, kengash majlisi ochiq namoyish etildi. Bu – Rossiya tomonidan qo‘rqitish uchun qilinayotgan tahdidlar hisoblanadi. Bu kabi bayonotlarga siyosatchilar ishonmaydi.
Shu paytgacha yadro doktrinasidagi eng asosiy nuqta – Rossiyaga nisbatan ekzistensial xavf tug‘ilgandagina yadro qurolidan foydalanishi belgilangan edi. Endilikda esa noyadroviy davlat yadroviy davlatning ko‘magida oddiy qurollar bilan bo‘lsa-da Rossiyaga hujum uyushtiradigan bo‘lsa, bu yadro quroli bilan javob berish uchun asos bo‘ladi. Putin mana shunday mujdani butun dunyoga ochiq-oshkora bayon qildi”, – deydi u.
Tahlilchining fikricha, bu tahdidning realligiga katta shubha mavjud. Chunki yadroviy qurollarning asosiy xususiyati – qo‘rqitish orqali tiyib turish, ulardan foydalanish esa ana shu xususiyatni yo‘qqa chiqaradi.
“Ertaga, indinga, 10 kun yo 20 kundan keyin Ukraina bosh shtabi: “iye, mana, Rossiya endi bitta dron uchib o‘tsa ham, bizga yadro quroli qo‘llab yuborar ekan-da” deb, urushni to‘xtatib qo‘yadimi? Yo‘q. Ular G‘arbdan talab qilinayotgan qurollarni oladigan bo‘lsa, hozirgidan-da ko‘proq shijoat bilan Rossiyaning ichkarisida harbiy obektlarni urishda davom etaveradi”, – deydi Shuhrat Rasul.
Yadro doktrinasiga kiritiladigan o‘zgartirishlar rasman kuchga kirishi uchun huquqiy jarayonlardan o‘tishi, aniqrog‘i parlament tasdiqlashi kerak. Suhbatdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, parlamentdagi muhokamalarda o‘zgarishlar deputatlarning taklifi asosida Putin aytganiga qaraganda yumshoqroq ko‘rinish olishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Suhbat davomida Shuhrat Rasul Rossiya yadro arsenalining qisqa tarixi, tarkibi va salohiyati haqida so‘z yuritdi. Suhbatning to‘liq shaklini videoda tomosha qiling.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.