Meta kompaniyasi parollarni saqlashda xatolikka yo‘l qo‘ygani uchun 91 mln yevro jarimaga tortildi

Jahon 00:40 / 29.09.2024 2151

Irlandiya Ma’lumotlarni himoya qilish komissiyasi (DPC) parollarning saqlanishi bo‘yicha o‘tkazgan tergovidan keyin Meta kompaniyasini 91 million yevro miqdorida jarimaga tortdi, deb xabar beradi BBC.

Tergov 2019 yilda, Meta kompaniyasi DPC’ni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning ayrim parollarini o‘zi bilmagan holda ichki tizimlarda shifrsiz saqlagani to‘g‘risida ogohlantirganidan keyin boshlangan. 2024 yil iyunda DPC ma’lumotlarni nazorat qilish bo‘yicha Yevropadagi boshqa organlarga qaror loyihasini taqdim etgan va bu bo‘yicha hech qanday e’tiroz bildirilmagan.

Meta ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha umumiy qoidalarning to‘rttasini buzgani aniqlangan. «Foydalanuvchilarning parollarini «ochiq matn» ko‘rinishida saqlash mumkin emas… Shuni inobatga olish kerakki, mazkur holatda ko‘rib chiqilayotgan parollar maxfiy hisoblanadi, chunki ular foydalanuvchilarning ijtimoiy tarmoqdagi akkauntlariga kirish imkonini beradi», — deydi DPC komissari o‘rinbosari Grem Doyl.

2023 yilning mayida Meta kompaniyasi Yevropa va AQSh o‘rtasida ma’lumotlar uzatishda noto‘g‘ri ish tutgani uchun 1,2 milliard yevro miqdorida jarimaga tortilgan edi. 2022 yilda esa dunyoning 106 mamlakatidan bo‘lgan 533 million foydalanuvchining ma’lumotlari e’lon qilib yuborilishi ortidan Meta 265 million yevro jarimaga to‘lagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: