O‘zbekiston Xitoydan Qirg‘iziston orqali o‘tadigan temir yo‘lning o‘ziga tegishli qismini shu yilning oktyabr oyidan boshlab qurish niyatida. Bu haqda Kursiv.media O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevga asoslanib yozdi.
Qayd etilishicha, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘l koridori loyihasini amalga oshirish uchun loyiha kompaniyasi tashkil etilgan. Uning ustav kapitalidagi O‘zbekiston ulushi 225 million dollarga teng. Transport yo‘lagining umumiy qiymati 8 milliard dollarga baholanmoqda, uning uzunligi 450 kilometrdan oshadi.
«Iqtisodiyot, turizm va sarmoyadagi bunday o‘sish sharoitida logistika masalasi O‘zbekiston uchun juda muhim», dedi Choriyev.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi 2024 yil iyun oyida Xitoyda imzolandi va keyinchalik ishtirokchi mamlakatlar tomonidan ratifikatsiya qilindi. Temir yo‘l Xitoyning Qashg‘ar shahridan boshlanadi va Torugart, Makmal, Jalolobod va Andijon orqali o‘tadi. Mutaxassislarning taxminiga ko‘ra, ushbu yo‘nalish bo‘ylab yillik yuk tashish hajmi 15 million tonnaga yetishi mumkin, yuklarni yetkazib berish muddati esa yetti kunga qisqaradi.