Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga pasport olishda noqonuniy yordam bergan jinoiy guruh ushlandi

Jahon 18:57 / 28.09.2024 7337

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari Tergov qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari uchun noqonuniy migratsiya kanali tashkil etgan jinoiy guruh faoliyatini to‘xtatdi. 9 kishi hibsga olingan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar «davlat organlari faoliyati sohasida bilimga ega bo‘lgan va Rossiya fuqaroligini berish bo‘yicha qaror qabul qilishga vakolatli mansabdor shaxslar bilan aloqada bo‘lgan» va 2023 yilda uyushgan jinoiy guruh tuzgan.

«Gumonlanuvchilar Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari orasidan Rossiya fuqaroligini olmoqchi bo‘lgan, ammo buning uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan shaxslarni qidirgan. Keyinchalik, ular 150 ming rubldan 350 ming rublgacha bo‘lgan pul mukofoti uchun Ukraina fuqaroligini tasdiqlovchi soxta plastik pasportlar va Donetsk hududida chet el fuqarolariga Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beruvchi soxta ro‘yxatga olish guvohnomalarini tayyorlagan», deyiladi xabarda.

Jinoiy tergov doirasida Moskva, Donetsk, Rostov-Don va Tula shaharlarida 30 ta tintuv o‘tkazilib, ko‘plab davlat idoralari va muassasalarining, shu jumladan xorijiy davlat shtamplari, muhrlari va blankalari musodara qilingan.

Hibsga olinganlarga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasi («Noqonuniy migratsiyani tashkil etish») bo‘yicha ayblov qo‘yildi.

Tergov organlariga noqonuniy ravishda Rossiya fuqaroligini olgan xorijiy fuqarolar ham keltirilgan. Ularni fuqarolikdan mahrum qilish va keyinchalik deportatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Jinoiy guruh «xizmatlaridan» Tojikiston va O‘zbekistonning qancha fuqarosi foydalangani ko‘rsatilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: