Ushbu hujjat xalqaro amaliyot doirasida o‘zbekistonlik investorlarning Hindistonda va hindistonlik investorlarning O‘zbekistonda munosib himoya qilinishini kafolatlaydi.
Shartnoma sarmoyaviy faoliyat uchun qulaylik darajasini oshiradi, investorlarning ishonchini mustahkamlaydi, o‘zaro hurmatni yuksaltiradi, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli nizolarni arbitraj orqali hal qilish imkoniyatini nazarda tutgan. Hujjat, shuningdek, investitsiyalarni ekspropriatsiya qilinishining oldini oladi, shaffoflik, mablag‘larning o‘zaro harakati va yo‘qotishlarni qoplash mexanizmlarini ta’minlaydi.
Ikki tomonlama investitsiya shartnomasining imzolanishi O‘zbekiston va Hindistonning o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, yanada xavfsiz va barqaror investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha umumiy majburiyatlarini ifoda etdi.
Imzolangan hujjat o‘zaro sarmoyalar hajmini oshirish imkoniyatlarini kengaytirishi, ikki davlat iqtisodiyoti va tadbirkorlik harakatiga foyda keltirishi kutilmoqda.