Moldova Axborot va xavfsizlik xizmati mamlakatdagi yettita veb-saytni bloklashni buyurib, ular respublika milliy xavfsizligiga zarar yetkazishini bildirdi. Axborot va xavfsizlik xizmati talabi 25 sentabr, chorshanba kuni Moldova internet-provayderlariga yuborildi.
Rossiya davlat axborot agentligi «RIA Novosti» va Rossiyaning «Nezavisimaya gazeta» saytlari bloklandi. Bundan tashqari, moldovalik foydalanuvchilarning Moskva tomonidan tuzilgan Qrim «davlat kengashi», «Qrim gazetasi» va «Krym24» telekanali veb-saytlariga kirish cheklanishi kerak.
To‘sib qo‘yilgan yettinchi resurs Nu. Nu Acum («Yo‘q. Hozir emas») harakati sayti bo‘lib, u Moldova fuqarolarini mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi ovoz berishga chaqirgan. Bu masala bo‘yicha referendum 20 oktyabr kuni Moldovada prezidentlik saylovlarida ovoz berish bilan bir vaqtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Moldovada kremlparast saytlar bloklanishi
2023 yil oktyabr oyida Axborot va xavfsizlik xizmati moldovalik foydalanuvchilarning Rossiyaning 22 ta veb-saytiga, shu jumladan TASS va «Interfaks» axborot agentliklarining onlayn platformalariga, «Rossiya 1», NTV va «Tsargrad» telekanallariga kirishini cheklashni buyurdi. 2023 yil bahorida Moldovada dezinformatsiya tarqatishda ayblangan Kremlga yaqin bo‘lgan Sputnik agentligining beshta veb-saytiga kirish taqiqlangan edi.
Bundan tashqari, Moldova Tashqi ishlar vazirligi AQShning RT va «Rossiya segodnya» media-guruhiga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.