Chat GPT-4 so‘rovlarni qayta ishlash jarayonida serverlarni sovitish uchun katta miqdorda energiya va suv sarflaydi. Misol uchun, 100 so‘zdan iborat elektron pochta xabarini yozish uchun 519 millilitr suv kerak bo‘ladi. Bu haqda Washington Post tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda keltirib o‘tilgan.
Pew markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ishga tushirilgandan beri amerikaliklarning chorak qismi Chat GPT’dan foydalanib keladi. Unga yuboriladigan har bir so‘rov maxsus resurslarni talab qiladi.
Chatbot serverlari so‘rovlarni qayta ishlash uchun katta miqdorda energiya sarflaydi va ularni ma’lumot markazlarida sovitish atrof-muhitga jiddiy ta’sir qiladi.
WP Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari bilan birgalikda o‘rtacha 100 so‘zli elektron pochta xabarlarini yozish uchun Chat GPT-4 o‘z serverlarini sovitish uchun 519 millilitr suv ishlatishini aniqladi, bu bir shishadan sal ko‘proq. Agar har bir inson bir yil davomida har hafta shunday xat yuborsa, unga 27 litr suv kerak bo‘ladi. Chat GPT’ga har bir so‘rov minglab hisob-kitoblarni amalga oshiradigan server orqali o‘tadi va katta miqdorda issiqlik hosil qiladi.
«Suv tizimlari ko‘pincha uskunani sovitish va uning funksionalligini ta’minlash uchun ishlatiladi», deyiladi tadqiqotda.
Ekologlarning ta’kidlashicha, eng yaxshi sharoitlarda ham ma’lumot markazlari o‘zlari joylashgan shaharlarida eng ko‘p suv iste’molchilari qatoriga kiradi.
Qayd etilishicha, ayrim hollarda suv o‘rniga yirik konditsioner tizimlardan foydalaniladi, ayniqsa, suv resurslari cheklangan yoki elektr energiyasi arzon bo‘lgan hududlarda. Ammo elektr sovitish tizimlariga ega ma’lumot markazlari ham tashvish uyg‘otadi, chunki bu elektr tarmog‘ini zo‘riqtiradi.
«SI ko‘p energiya talab qilishi mumkin, shuning uchun biz doimiy ravishda samaradorlikni oshirish ustida ishlaymiz», degan Open AI vakili Kayla Vud.
Ma’lumot markazlari bulutli hisoblash kabi boshqa faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun juda katta energiya talab qiladi va sun’iy intellekt bu yukni faqat oshirdi, deydi Kaliforniya universiteti dotsenti Shaolei Ren. Agar ma’lumot markazi issiq hududda joylashgan bo‘lsa va uni sovitish uchun konditsioner ishlatilsa, serverlarni salqin saqlash uchun juda ko‘p elektr energiyasi talab qilinadi. Agar suv bilan sovitilgan ma’lumot markazlari qurg‘oqchilikka moyil bo‘lgan hududlarda joylashgan bo‘lsa, ular qimmatbaho tabiiy resurs taqchilligi xavfini paydo qiladi.
Dunyodagi eng ko‘p ma’lumot markazlari joylashgan Shimoliy Virjiniyada fuqarolar yangi binolarning qurilishiga norozilik bildirgan. AQSh suv departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Ayova shtatining Vest Des Moines shahri ma’lumot markazlari o‘chog‘i bo‘lib, Microsoft kabi kompaniyalarga tegishli obektlar okrugdagi suvning taxminan 6 foizidan foydalanadi. Uzoq davom etgan huquqiy kurashdan so‘ng oregonaliklar Google’ni Portlenddan 80 mil sharqda joylashgan Dallesdagi ma’lumot markazlari qancha suv ishlatishini oshkor qilishga majburlashgan. Bu shaharda iste’mol qilingan umumiy suvning deyarli to‘rtdan biri qismini tashkil qilgan.
Yirik texnologik kompaniyalar yangi sovitish usullaridan foydalangan holda o‘zlarining ma’lumot markazlarini «yashillashtirish» bo‘yicha majburiyatini bir necha bor olgan. Ammo bu iqlim va’dalari ko‘p hollarda bajarilmagan.
Iyul oyida Google o‘zining oxirgi ekologik hisobotini e’lon qilgandi. Unda uglerod chiqindilar sun’iy intellekt va ma’lumot markazlari hisobiga 48 foizga oshgani keltirilgan.